TADBIRKORLIKKA QIZIQUVCHI AYOL-QIZLARGA YUNESKO LOYIHASI DOIRASIDA SЕMINAR MASHG‘ULOTLARI TASHKIL ETILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida 10-11 avgust kunlari turizm sohasida tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga ikki kunlik seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazilishi belgilangan.
“Orolbo‘yi mintaqasida ayollarning ishbilarmonlik faolligini oshirish va ekoturizm yo‘nalishida daromad olish imkoniyatlari” nomli YUNESKO loyihasi doirasida tumandagi 82-sonli maktabda bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda Urganch davlat universiteti Iqtisodiyot fakulteti professor-o‘qituvchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilar tomonidan mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Unda tuman ovul va mahallalardagi xotin-qizlar faollari, tadbirkor ayol-qizlar va boshqa qiziquvchilar ishtirok etishdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shu yil 25 yanvarda “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Shunga asosan, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri tomonidan tasdiqlangan YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy komissiyasi yig‘ilishining bayonnomasida “Orolbo‘yi mintaqasida ayollarning ishbilarmonlik faolligini oshirish va ekoturizm yo‘nalishida daromad olish imkoniyatlari” nomli YUNESKO loyihasini amalga oshirish belgilangan.
Ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida Amudaryo tumanida tashkil etilgan mazkur treningning dastlabki kunida ishtirokchilarga nazariy bilimlar berildi. Seminar davomida Orolbo‘yi aholisi uchun zarur hayot darajasini ta’minlab berish maqsadida tashkil etilayotgan amaliy ishlar va ushbu ishlarning ijobiy tomonlari xususida ma’lumotlar berilib, mintaqani rivojlantirish nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo miqyosidagi global muammoga aylangani to‘g‘risida so‘z yuritildi. Shuningdek, Orol inqirozining atrof-muhit va bu yerda yashayotgan millionlab aholi hayotiga halokatli ta’sirini kamaytirish bugungi kunning eng muhim vazifasi ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Orolbo‘yi hududidagi vaziyatning yanada yomonlashuviga imkon qadar yo‘l qo‘ymaslik harakatida davlatimiz tomonidan katta ishlar amalga oshirilayotgani, salbiy o‘zgarishlarga qarshi turish uchun tinimsiz ishlanayotgani, 2 million gektar maydonda yangi landshaft, o‘rmonzorlar va tuproq qatlamini shakllantirish ishlari olib borilayotgani xususida to‘xtalib o‘tildi. Eng muhimi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish hamda iqlim o‘zgarishiga moslashish, ekoturizmni rivojlantirish va shu kabi boshqa tadbirlar amalga oshirilayotgani, hududda yashayotgan aholida tushkunlik kayfiyati yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularga munosib hayot kechirishi, o‘z biznesini rivojlantirishi, yangi ish o‘rinlari hamda daromad manbalari bilan ta’minlanishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilayotgani haqida ham so‘z yuritilib, batafsil ma’lumotlar berildi.
 Seminarning ikkinchi kunidagi amaliy mashg‘ulotlar case-study, role-playing shaklida olib boriladi. Zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari va ko‘rgazmali vositalardan foydalangan holda  tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga qiziquvchi ayol-qizlarga Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan tadbirkorlik turlari, daromad topish yo‘llari haqida tushunchalar, yo‘nalishlar beriladi.
O‘z navbatida seminar ishtirokchilari ham trenerlarga turli savollar bilan murojaat qilib, batafsil ma’lumotlar olishdi va keng tushunchalarga ega bo‘lishdi.
Mashg‘ulotlar yakunida barcha ishtirokchi ayol-qizlarga sertifikatlar topshiriladi.


O.Xudoyberganova.