Muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar saralanmoqda

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar safini har tomonlama yetuk, sog‘lom, jismonan baquvvat, intellektual salohiyatli chaqiriluvchilar bilan to‘ldirish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda, Respublikamiz bo‘ylab muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni saralash jarayonlari davom etmoqda. Shuningdek, saralash ishlari davomida chaqiriluvchilar ongida milliy g‘urur, ona yurtga sadoqat, vatanparvarlik va millatparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish borasida ham targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.

Shu kunlarda butun Respublikamizda bo‘lgani singari Amudaryo tumanida ham O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 aprel kungi “Chaqiriluvchilarni tanlab olish to‘g‘risida”gi 291-sonli qarori asosida tuzilgan tanlov Kengashi tomonidan Mudofaa ishlari bo‘limi bilan hamkorlikda fuqarolarni 2023 yilgi harbiy xizmat chaqiruviga saralab olish maqsadida tanlov tadbirlari olib borilmoqda.

Muddatli harbiy xizmatga tanlov tadbirlari 2022 yilning 10 avgust sanasidan 2023 yilning 10 fevral kuniga qadar olib boriladi. Tanlov tadbirlarida, 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan ya’ni 1996-2005 yillarda tug‘ilgan va ilgari harbiy xizmatni o‘tamagan yigitlar qatnashdilar. Ushbu tanlov tadbirlarida qo‘yilgan sinovlardan muvaffaqiyatli ravishda o‘tgan yigitlar muddatli harbiy xizmatga jo‘natiladi.

Tanlovlar 2 ta yo‘nalish bo‘yicha olib boriladi. Dastlab, chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasi baholanadi. Shundan so‘ng, yakka tartibdagi suhbat bo‘lib o‘tadi. Suhbat natijalari e’lon qilingandan so‘ng chaqiriluvchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, jismonan sog‘lom va baquvvat yigitlar harbiy xizmatga yuboriladi.

Tumanimizda ham chaqiriluvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash uchun to‘siqqa tortilish, 100 metrlik hamda 3000 metrli masofaga yugirish bo‘yicha sinovlar bo‘lib o‘tdi. Ushbu sinovlarda muvaffaqiyatli qatnashgan, belgilangan shartlarni o‘z vaqtida epchillik bilan bajargan yigitlar suhbatga qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Tuman Mudofaa ishlari bo‘limi binosida bo‘lib o‘tgan yakka tartibdagi suhbat jarayonida chaqiriluvchilarning siyosiy bilimlari bilan birgalikda ma’rifiy bilimlari ham sinovdan o‘tkazildi.

Ona Vatan – ulug‘ va muqaddas dargoh. Uning buyuk kelajagi va baxtu iqboli uchun jon kuydirish eng oliy saodat bo‘lsa, tinchlik-osoyishtaligini saqlash uchun sadoqat bilan xizmat qilish yuksak sharafdir.

Ushbu ezgu niyatni diliga jo qilib, o‘z yigitlik burchini sidqidildan bajarishni oldiga maqsad qilib qo‘ygan tumanimizning mard va jasur o‘g‘lonlariga omad yor bo‘lishini tilaymiz.

Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligiga hissa qo‘shish, yurtimizga xizmat qilish har bir yigitning burchi va qonuniy majburiyatidir. Shunday ekan, chiqiruv yoshida bo‘lgan yigitlarni tuman mudofaa ishlari bo‘limiga kelib, tanlovlarda ishtirok etishga chaqiramiz. Vatan oldidagi o‘z yigitlik burchingizni ado qilish imkoniyatini qo‘lga chiqarmang, aziz yoshlar!

Shu o‘rinda ota-onalarga shuni eslatib o‘tkamizki, belgilangan tartibda harbiy xizmatni o‘tash majburiydir. Chaqiruvga o‘z vaqtida kelmaslik esa javobgarlikka sabab bo‘lishini unutmang!

Tuman hokimligining Axborot xizmati.