MAKTABGACHA TA’LIM BO‘LIMIDA AN’ANAVIY AVGUST KONFERENSIYASI BO‘LIB O‘TDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumani Maktabgacha ta’lim bo‘limida 2022-2023 o‘quv yili boshlanishi oldidan an’anaviy avgust konferensiyasi o‘tkazildi.

22 avgust kuni “Maktabgacha ta’lim sifati: hozirgi holat va kelajakdagi vazifalar” mavzusida bo‘lib o‘tgan konferensiyada tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mas’ullari, hududdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari, tarbiyachi-pedagoglar va boshqalar ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining shu yil 3 avgustdagi “Maktabgacha ta’lim sifati: hozirgi holati va kelajakdagi vazifalari” nomli dasturiy avgust konferensiyasini o‘tkazish haqida”gi bo‘yrug‘i va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining tegishli topshirig‘i ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazilgan mazkur konferensiya kun tartibiga dastlab “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida davlat tilida ish yuritish va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkillashtirish” masalasi qo‘yildi.

Kun tartibidagi ushbu masala yuzasidan 40-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Sharifa Seytova so‘zga chiqib, ma’ruza qildi. U mamlakatimizda davlat tili hisoblangan o‘zbek tili tarixi haqida keng to‘xtalib, mustaqillikdan so‘ng, qonunan mustahkamlangani, unga bo‘lgan munosabat xususida so‘z yuritdi. Davlat tilining siyosiy, ijtimoiy va madaniy sohalarda ma’lum bir davlatda integratsiya vazifasini amalga oshirishini, shuningdek har bir davlatning ramzi sanalishini e’tirof etib o‘tdi. Shuningdek, kichkintoylarni o‘z tilimizga hurmat ruhida tarbiyalash, to‘g‘ri yozish va o‘qishni o‘rgatishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng anjuman kun tartibiga qo‘yilgan pedagog kadrlar tarkibining sifati va ularni kasbiy rivojlantirishga doir masalalar yuzasidan tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi, Ta’lim-tarbiya sifatini ta’minlash va metodik xizmatni tashkil etish sho‘’basi mudiri Nafisa O‘razmetovaning ma’ruzasi tinglandi.

Konferensiya davomida “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘quv-metodik va didaktik materiallardan samarali foydalanish” mavzusida 1-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Shoira Rajabova, “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi takomillashtirilgan variantining mazmuni” mavzusida 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti metodisti Gulchehra Yo‘ldosheva, “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida amaliyotchi psixologlar ishlarinining samaradorligini oshirish” mavzusida 43-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti metodisti Nargiza Tajimurodova hamda “Ilm yo‘li” variativ dasturi va unga kirgizilgan yangiliklar” mavzusida 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti metodisti Salomat To‘rayevalarning ma’ruzalari tinglandi.

An’anaviy avgust konferensiyasida ishtirok etgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlanishni ta’minlash bo‘limi mudiri Nurjamal Qurbonova ham so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 14 dekabrdagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyatini tushuntirib o‘tdi.

Shuningdek, sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanish tartibi, mazkur tartibni maktabgacha ta’lim tashkilotlarida muntazam ravishda amal qilinishini ta’minlash kabi masalalar bo‘yicha ham batafsil ma’lumotlar berildi.

Konferensiyada joriy yil davomidagi ta’lim-tarbiya borasidagi amalga oshirilish lozim bo‘lgan vazifalar ham tahlil qilindi va muhim topshiriqlar belgilab olindi.

O.Xudoyberganova.