O‘qituvchilarning Milliy forumi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Dunyoda insonlar turli-tuman kasblarda faoliyat olib boradi. Ammo, mana shu kasblar ichida shunday bir kasb borki, u ham sharafli, ham mas’uliyatliligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Bu − o‘qituvchilik va murabbiylik kasbidir.

Barcha sohalarning ustalari, mutaxassislari bir kasb egalari mehnati bilan shakllanadi, kamol topadi. Har birimizga kimdir harf o‘rgatib, savodimizni chiqargan. Bugun kim, qayerda, qanday vazifada ishlamasin, qachondir maktabda o‘qigan, ustozlar tarbiyasini olgan. Ilk bor maktabga borgan kunni, qo‘liga qalam berib, yozishni, o‘qishni o‘rgatgan o‘qituvchisini eslamaydigan odam topilmasa kerak.

Ustoz o‘z kasbiga qalb qo‘ri bilan kirishmasa, murabbiylik yo‘lida hech qanday yutuqlarga erisha olmaydi. Shu ma’noda, ustozlar ta’lim tizimida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni doimo kuzatib, o‘rganib borishi, yangi zamonaviy pedagogik texnologiyalar bilan qurollanishi, innovatsion usullarda dars o‘ta olishi, umuman, har bir o‘quvchini dars jarayoniga qiziqtira bilishi lozim.

24 avgust kuni Amudaryo tumanining Navoiy nomli mahallasi hududida joylashgan 1-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan ustozlar milliy forumi ana shu maqsadlarga qaratildi.

Forumda Amudaryo tumanidagi mavjud 85 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida faoliyat yurituvchi 600 nafarga yaqin pedagog xodimlar ishtirok etishdi.

Forum ishtirokchilari boshlang‘ich ta’lim, chet tili, til va adabiyot, amaliy fanlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar, aniq fanlar, tabiiy fanlar kabi yo‘nalishlar bo‘yicha guruhlarga bo‘lindilar.

Har bir guruhda malakali metodist va o‘qituvchilar o‘zlarining fan dasturlari doirasida hamkasblariga ta’lim jarayonidagi so‘nggi yangiliklar, darsliklarga kiritilgan o‘zgarishlar, yangi darsliklar bilan ishlashning yangicha usullari, ta’lim jarayoniga tadbiq etiladigan zamonaviy innovatsion texnologiyalar, uslublar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdilar. Shuningdek, forum davomida o‘qituvchilar o‘zaro bilim va tajriba almashishdi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, umuta’lim maktablarda yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quvchilarning darsliklar bilan to‘liq ta’minlanishi, maktablarning moddiy texnik-bazasi zamon talablariga to‘liq javob bera olishi ham ta’lim sifatining samarali yo‘lga qo‘yilishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ta’lim jarayonining samarali yo‘lga qo‘yilishida Milliy o‘quv dasturi loyihasi ham muhim ahamiyatga ega. Milliy o‘quv dasturi loyihasi doirasida har bir sinf kesimida o‘quvchida rivojlanishi kerak bo‘lgan ko‘nikmalar belgilab beriladi. Mazkur dastur doirasida 2021 yilda 252 nomdagi yangi zamonaviy darsliklar, o‘quvchi mashq daftarlari hamda pedagoglar uchun o‘quv qo‘llanmalari tayyorlanib, maktablarning 1- va 2-sinflarida joriy qilindi. 246 nafar mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida maktablar uchun Milliy o‘quv dasturi yaratilib, o‘quv jarayoniga bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Shuningdek, dastur asosida 296 nomdagi yangi avlod darsliklari, mashq daftarlari, o‘qituvchi metodikasi kabi kitoblar yaratildi.

O‘qituvchilar Milliy forumi davomida ushbu o‘zgarishlar bilan birgalikda o‘tgan o‘quv yilida erishilgan yutuqlar sarhisob qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilindi va kelgusida ularning oldini olish bo‘yicha choralar belgilandi.

Milliy forum o‘qituvchilarning yangi o‘quv yilini puxta tayyorgarlik va katta rejalar bilan kutib olishlarida muhim vosita bo‘ldi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati