“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga zarur ish qurollari berildi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, yurtimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, muammolarini hal etish, bandligini ta’minlash, kasbga o‘qitish maqsadida moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxati, ya’ni “Temir daftar”, yoshlar hayotiga oid muammolarni tizimli o‘rganish va ularni ijobiy hal etishga qaratilgan “Yoshlar daftari” va ayol-qizlar hayotini yaxshilashga ko‘maklashish maqsadida “Ayollar daftari” shakllantirilgan.

Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Amudaryo tumanida ham aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularni kambag‘allikdan chiqarish, kasb-hunarga o‘qitish, imtiyozli bank kreditlarini olib, o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishlarida yaqindan yordam berish maqsadida manzilli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada tumanda faoliyat olib borayotgan 4 ta sektor rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar tufayli ko‘plab oilalar amaliy yordamlar ko‘rsatilgan holda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatlaridan chiqarilib, farovonligi ta’minlanmoqda.

Ayniqsa, ertangi kun egalari bo‘lgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab- qo‘vvatlash, muammolarini hal qilish maqsadida joriy etilgan “Yoshlar daftari” da turuvchi yoshlarga alohida e’tibor karatib kelinmoqda.

24 avgust kuni Olmazor mahallasi hududidagi 82-sonli umumta’lim maktabi binosi oldida 4 ta sektor rahbari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar farzandlarining bandligini ta’minlash maqsadida subsidiya asosida 20 ta tikuv mashinasi, 10 ta payvandlash uskunasi, hamda payvanlash ishlarida zarur bo‘ladigan 20 ta asbob-uskunalar berildi.

Tadbirda tuman hokimi, 1-sektor rahbari Sultonboy Yo‘ldashev, mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularning ish bilan bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning muammolarini hal etish borasida belgilangan chora-tadbir, ustuvor vazifalarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

2-sektor rahbari, tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha erishilayotgan yutuqlar, ko‘plab yoshlarning o‘zini-o‘zi band qilish tamoyili asosida ish yuritib, oilasi farovonligiga hissa qo‘shayotganligini e’tirof etdi.

3-sektor rahbari, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Muxammetali Xojamuratov yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shart-sharoitlar haqida aytib, yoshlarni o‘qib, bilim olishga, shijoat bilan olg‘a intilishga undadi.

4-sektor rahbari Aydos Seyitov esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlarida yoshlar yetakchilari tomonidan o‘tkazilayotgan turli tadbirlar, sport bellashuvlari o‘zining ijobiy natijasini berib kelayotganini, ayniqsa, ushbu tadbirlarda faol qatnashgan yosh oilalardan biri O‘rinboyevlar oilasi “Eng yosh kitobxon oila” tanlovining mutloq g‘olibi bo‘lganini aytib, yoshlarni jamiyatning ijtimoiy-siyosiy hayotida faol bo‘lishga chaqirdi.

Shuningdek, tadbir davomida tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov tumanda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan manzilli ishlar haqida to‘xtalib, yoshlarni tikuv mashinalari, payvandlash uskunalaridan samarali foydalangan holda daromad topib, oilasi farovonligiga hissa qo‘shishga chaqirdi.

Tadbirda “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan yoshlar tuman hokimligi va Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limiga o‘zlariga ko‘rsatilayotgan beg‘araz yordamlar uchun minnatdorlik bildirishib, bundan keyin samarali faoliyat yuritajaklarini va albatta, Vatanimiz taraqqiyoti hamda xalqimiz turmushining yanada farovon bo‘lishiga hissa qo‘shishlarini aytib o‘tdilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.