AMUDARYODA MUSTAQILLIGIMIZNING 31 YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN BAYRAM TANTANASI KO‘TARINKI RUHDA O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik bayrami eng ulug‘, eng aziz bayram sifatida yurtimiz bo‘ylab har yili o‘zgacha ma’no-mazmun kasb etadigan shior ostida nishonlanadi. Bu yilgi bayram arafasida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan shiorni asosiy g‘oya sifatida o‘zida mujassam etgan holda yurtimizning har bir go‘shasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Mamlakatimizning barcha hududlaridagi kabi Amudaryo tumanida ham O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 31 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari tashkil etildi.
Shu yil 29 avgust kuni Vaxum aholi punktidagi O‘yingohda bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” g‘oyasiga mujassamlangan katta bayram tomoshasiga ham tuman rahbarlari, tadbirkorlar, mirishkor  bobo-dehqonlar, kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlar, uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar hamda barcha hududlardan yoshu-qari aholi tashrif buyurdi. Tantanavor shiorlar, rang-barang bayroqchalar va chiroqlar, shuningdek, hilpirab turgan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining katta bayroqlari, turfa gullar va sharlar bilan bezatilgan katta sahna, monitordagi obod go‘shalar tasviri barcha-barchasi maydonga yanada fayz kiritib, tomoshabinlarga ko‘tarinki ruh baxsh etdi.
Tadbirni tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev ochib berdi va tuman aholisini mustaqillik kuni bilan muborakbod etdi. Tuman hokimi O‘zbekistonda mustaqillikka erishilgan dastlabki yillardagi og‘ir va sinovli davrlar, Birinchi prezident tomonidan amalga oshirilgan ulkan ishlar, shuningdek, mamlakatdagi so‘nggi 6 yil davomidagi o‘zgarish va bunyodkorliklar xususida so‘z yuritib, tuman miqyosidagi islohotlar, rivojlanishlar, yutuqlarni tilga oldi. Prezidentimizning yaqindagina Qoraqalpog‘istonga qilgan tashrifi davomida aholi va tadbirkorlar uchun ko‘plab imtiyozlar joriy qilingani, faqat Qoraqalpog‘iston uchun foyda solig‘i, aylanma soliq, mol-mulk va yer solig‘i stavkalari 2 barobar kamaytirilib, paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirish evaziga har bir oilaga 2 gektardan yer ajratish, yo‘llarni ta’mirlash, elektr, gaz va suv ta’minotini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Aytish joizki, Amudaryo tumanida ham keyingi yillarda barcha sohalarda ulkan natijalarga erishilmoqda. Birgina joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida salkam 300 mlrd. so‘mlik sanoat mahsulotlari, 86 mlrd. so‘mlik xalq iste’mol tovarlari, 620 mlrd. so‘mlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilib, investitsiyalar hajmi salkam 250 mlrd. so‘mga yetdi. Hududda yuz berayotgan bu kabi o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar amudaryoliklarni yanada yuksak marralar sari ilhomlantirmoqda. Bu erishilayotgan ijobiy natijalarda, qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarda o‘z aksini topmoqda.
O‘tgan yillar mobaynida tuman hududidagi chekka ovul va mahallalarda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bajarildi. Mazkur yilda ham “Obod qishloq” dasturi doirasida Ayoqchi mahallasi va To‘lqin ovulida 27,3 mlrd. so‘mlik mablag‘ evaziga yirik qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy, xizmat ko‘rsatish va servis ob’ektlari qurildi. Shu qatori tumanda qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirish, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar bilan ishlash, aholi bandligini ta’minlash kabi sohalarda ham e’tiborga molik ishlar olib borilib, bu boradagi ezgu ishlar davom ettirilmoqda.
Tuman hokimi e’tirof etganidek, amudaryoliklar mustaqillikning o‘ttiz bir yillik to‘yini barcha sohalardagi o‘ziga xos yutuqlari bilan qarshi olishdi.
Tuman hokimi tabrigidan so‘ng, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari Davlat madhiyalari yangrab, tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan Nasiba Eshchanovaning “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” nomli ssenariysi asosida tayyorlangan bayram tomoshasi boshlandi. Yosh havaskor xonanda Islom Ollayorov ijrosidagi “Vatan” qo‘shig‘i bilan boshlangan tomosha “Sirli olam” deb nomlangan kompozitsion chiqish bilan davom ettirildi.

Teatrlashtirilgan tomosha tarzidagi ushbu chiqish davomida madaniyat xodimlari va yosh havaskorlar millatimizning ulug‘ siymolari ko‘rinishida naoyon bo‘lib, ajdodlarimizning uyg‘onish davrida ilmu-fan, saltanat ravnaqi yo‘lida amalga oshirgan olamshumul kashfiyotlari, jasoratlari haqida so‘zlashdi. Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur obrazlarini gavdalantirib, barchani vatanparvarlikka, tinchlik-osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrashga, yurt taraqqiyoti, jamiyat rivoji uchun xizmat qilish, munosib hissa qo‘shishga chorlashdi. Sahnada yosh havaskorlar qatag‘on qurbonlari, ilm-ma’rifat asosiga qurilgan ilg‘or jamiyatni orzu qilgan va shu yo‘lda jonlarini fido qilgan yurt ziyolilarini ham obrazli tarzda jonlantirib,  shu Vatan ozodligi, millat ravnaqi yo‘lidagi ezgu ishlari haqida so‘zlashdi.
Tadbirda “Shijoatli yoshlar – yurt qalqonlari” deb nomlangan tuman yoshlari ijrosidagi sahna ko‘rinishlari ham tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
Ma’lumki, yurtimizda istiqlol yillarida millat, yurt kelajagi bo‘lgan yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, keng imkoniyatlar yaratildi. Bu imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yoshlar bugun turli yo‘nalishlarda yuqori natijalarga, muvaffaqiyatlarga erishib, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tanitmoqda. Shu qatori tumanimiz yoshlariga ham har tomonlama yetarli sharoitlar yaratib berilmoqda. Maktablar yangidan ta’mirlanib, qo‘shimcha binolar, yangi sport inshootlari qurib berilib, ta’lim va tarbiya olishlariga qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratilmoqda. O‘z navbatida tuman yoshlari ham sport, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda katta yutuqlarni qo‘lga kiritib, davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishayotganini, yurt kelajagiga munosib farzandlar bo‘lib kamolga ulg‘ayishayotganini ifoda etishmoqda. Ayniqsa, maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun zamonaviy qiyofadagi shinam va ko‘rkam binolar qurilib, davlat va nodavlat tashkilotlar soni ko‘paytirilmoqda. Bu esa tumanda maktabgacha ta’lim yoshidagi kichkintoylarni qamrab olish darajasi ortishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.  
Tomosha davomida tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va “Barkamol avlod” bolalar maktabi o‘quvchilari ijrosidagi quvnoq kuy-qo‘shiqlar, jamoaviy raqslar tomoshabinlardagi bayramona kayfiyatni yanada ko‘tardi. Ayniqsa, turli millat vakillarining “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” turkumidagi ijrolari barchaga nihoyatda manzur bo‘ldi.
Bayram tomoshasida tumanimizdagi taniqli estrada xonandalari Vatan, tinchlik, farovonlik, mehr va muhabbat haqidagi qo‘shiqlari bilan ishtirok etib, hammaga zavq ulashishdi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgan bayram tomoshasi yurtdoshlarimizga bayram shukuhini hadya etdi.


O.Xudoyberganova.