Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabi ish boshladi

Туман янгиликлари

Bu galgi yangi o‘quv yilining ilk kunida Amudaryo tumanida yana bir quvonchli voqea – Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu ta’lim maskanining ochilish marsimida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev qatnashdi va nutq so‘zladi. Tuman hokimi ushbu quvonchli voqea bilan ixtisoslashtirilgan maktab ma’muriyatini, o‘qituvchilar jamoasini, bu dargohga ilk bor qabul qilingan barcha o‘quvchilarni va butun tumanimiz ahlini samimiy tabrikladi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu binodan shu vaqtga qadar ko‘plab iqtidorli o‘quvchilar uchirma bo‘ldi. Nukus davlat pedagogika instituti qoshidagi sobiq Amudaryo akademik litseyini yuzlab bilimli yoshlar tamomlab, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqdalar. Keyinchalik akademik litsey negizida tashkil qilingan ixtisoslashtirilgan maktab-internati jamoasi ham katta natijalarni qo‘lga kiritdi.

Endilikda muhtaram Prezidentimizning ta’lim sohasiga qaratayotgan e’tibori natijasida ushbu yuquv yurti Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabiga aylantirildi.

Tadbirda ta’lim faxriysi Shavkat Charshamov so‘zga chiqib, yangi o‘quv maskaniga ilk bora qadam qo‘ygan barcha o‘qituvchi-yu, o‘quvchilarni “Bilimlar kuni” bilan samimiy tabrikladi. Ta’lim faxriysi bugungi kunda sohaga qaratilayotgan e’tibor, o‘zlari ta’lim olgan davrdagi qiyinchiliklar, paxta dalalarida o‘tgan kunlar haqida gapirib, yoshlarni yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlarning qadriga yetib, qunt bilan o‘qib, bilim olishga chorladi.

Tadbir davomida mazkur ta’lim maskanining 10-“A” sinfiga eng yuqori ko‘rsatkich bilan qabul qilingan, ingliz, rus tillarida hech qanday qiyinchiliklarsiz so‘zlasha oladigan iqtidorli o‘quvchi Otabek Yangiboyev tengdoshlarini rus va ingliz tillarida tabrikladi.

Ixtisoslashtirilgan maktabga pedagoglar hamda o‘quvchilar adolatli va shaffof tizim asosida tanlab olindi. 80 dan ortiq maktab o‘quvchilari orasidan test sinovlari natijalariga ko‘ra saralab olingan o‘quvchilar bugun ushbu maskanda ilk marotaba darslarni boshlashadi. Ushbu ta’lim maskanida aniq va tabiiy yo‘nalishda 16 sinfda 384 nafar o‘quvchi ta’lim oladi. Ularga oliy toifali, yuqori malakali 34 nafar pedagoglar ta’lim-tarbiya berishadi.

10- va 11-sinf o‘quvchilari kelgusida tumanimizda joylashgan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarida amaliy mashg‘ulotlar o‘tashi ularning malakali kadrlar bo‘lib yetishishiga zamin yaratadi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi yangidan tashkil qilingan Amudaryo tuman ixtisoslashtirilgan maktabining o‘qituvchilari va o‘quvchilariga boshlanayotgan yangi o‘quv yili omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.