To‘lqin ovulida "Obod qishloq" dasturiga muvofiq 9 milliard 370 mln. so‘mlik qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda keyingi yillarda hududlarni obodonlashtirish, ko‘klamzorlashtirish orqali fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilash, turmushi sifatini oshirishga e’tibor kuchaymoqda. Bunda “Obod qishloq” dasturi muhim o‘rin tutayapti. Dasturga muvofiq hududlarda transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarida qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan birga xizmat ko‘rsatish shohobchalari tashkil etilib, aholining turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiluvchi ko‘pgina chora-tadbirlar amalga oshirilayapti.

To‘lqin ovuli ham joriy yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar tufayli o‘zgacha qiyofa kasb etmoqda. Ovulda dasturga muvofiq 9 milliard 370 mln. so‘mlik qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

24-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini mukammal ta’mirlash, elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 3,3 kilometrlik liniya tortish va 3 ta transformator punktini o‘rnatish, tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 4,4 kilometrlik liniya tortib, 19 ta gaz taqsimlash punktlarini ta’mirlash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, 4 ta ichimlik suvi inshootini yangidan qurish, 80 dona tungi yoritgichlar o‘rnatish, 4 kilometrlik aloqa tarmoqlarini tortish, 4 ta chiqindi konteynerlarini o‘rnatish, 7 ta tadbirkorlik ob’ektlarini qurish va 80 ta aholi uy-joylarini ta’mirlash ishlari ham shular jumlasidandir.

Hozirgi kunda “Temir beton” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari 24-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini mukammal ta’mirlash ishlarini poyoniga yetkazish arafasida. Qolgan ob’ektlarda ham ishlar qizg‘in davom ettirilayapti.

Yo‘llar – xalqimiz turmush tarzi qandayligini ko‘rsatuvchi omillardan biridir. Tekis, ravon yo‘llar barcha yo‘lovchilarga ham zavq bag‘ishlaydi, ham ko‘zlagan manzillariga eson-omon, xush kayfiyatda yetib borishini ta’minlaydi.

To‘lqin ovulida dastur doirasida 11 kilometrlik ichki yo‘llar ta’mirlanishi rejalashtirilgani aholini juda quvontirgan edi. Boisi, bolalar maktabga qatnashida, kichkintoylarni bog‘chalarga olib borish-olib kelish, ishga qatnashda yo‘llar nosozligidan ular ancha aziyat chekishayotgan edi.

Ta’mirlanadigan yo‘llarning 0,6 kilometriga shu kungacha rejaga ko‘ra beton qoplama yotqizish ishlari yakunlandi. Bu ishni “Aral Gidro Stroy” mas’uliyati cheklangan jamiyati yo‘lsozlari ado etishdi.

Shuningdek, Shukrona, Boysun-2, Boysun-3, Bog‘onali, Bog‘onali-1, Bog‘onali-2, Qadriyat-4, Xosiyat, E’tiqod-2, E’tiqod-3 ko‘chalarining 5,8 kilometr qismini joriy ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda.

Yurt shamoli, Shabnam-2, Kulobod-2, Kulobod-3, Qadriyat-2, Shabnam, Mehridil, Kamolot, Hilol ko‘chalarining 5,2 kilometr qismini joriy ta’mirlash ishlari tugallandi.

Qurilish ishlarini “Beruniy tuman yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasi yo‘lsozlari amalga oshirmoqdalar. Shunisi e’tiborliki, zahira mablag‘lari hisobidan ovulning Turon, Ma’rifatchilar, Quvonch ko‘chalarining 1,77 kilometr qismining joriy ta’mirlanayotgani ovul aholisiga ulkan qulaylik yaratadi.

“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz!” Bu g‘oya yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha yangilanishlar, o‘zgarishlar, bunyodkorliklarda o‘z ifodasini topmoqda.

Oygul RAJABOVA.