Mang‘it arna kanalining Arnabo‘yi mahallasidan o‘tuvchi qismiga mustahkam ko‘prik qurildi

Туман янгиликлари

Muqaddas islom dinimiz ta’limotlariga ko‘ra inson vafotidan so‘ng barcha solih amallari to‘xtaydi. Ammo, hayotlik chog‘idagi 3 ta amalining savobi to qiyomatgacha kesilmaydi. Bular – joriy sadaqa, ya’ni musulmonlarga doimiy foyda berib turadigan xayrli ishlar, misol uchun ko‘prik qurish, quduq yoki ariq qazib suv keltirish kabi), manfaat olinadigan ilm, xaqqiga duo qiladigan solih farzand qoldirishdir. Shu boisdan ham ajdodlarimiz el-yurtni obod etib, odamlarning uzog‘ini yaqin qiladigan ko‘priklar qurishga alohida e’tibor berishgan.

Asriy an’analarimizga sodiq hamyurtlarimizning ayni kunlarda amalga oshirayotgan solih amallari ham barchamizni quvontiradi.

Amudaryo tumanining Arnabo‘yi mahallasida istiqomat qiluvchi oddiy dehqon Haytimbat Tajiyev va ayoli Gulora opalar uch o‘g‘ilni, qizlarini uyli-joyli qilishdi. Hozir ular 9 nafar nevaraning bobo-buvisi. 70 yosh ostonasida ham tinib-tinchib, boshqalarday rohatda o‘tirish o‘rniga doimiy kasbi – dehqonchilik bilan shug‘ullanishadi. Farzandlari bilan ahillikda yetishtirgan sarxil meva, sabzavotlarini birinchilardan bo‘lib bozorga olib chiqishadi, topganlariga qanoat qilib, shukrona aytib yashashadi.

Mahalla hududidan o‘tuvchi Mang‘it arna kanali ustiga qurilgan ko‘prik yaroqsiz holga kelib, transport vositalari o‘ta olmayotgan, nosoz ko‘prik piyodalar uchun ham xavf tug‘dirayotgani ularni anchadan beri o‘ylantirib kelayotgan edi.

Shu yilning yoz fasli avvalida Haytimbat Tajiyev va ayoli maslahatlashib, yaxshi niyat bilan haj safariga borishga g‘amlagan mablag‘iga ko‘prik qurishga kelishdilar va tez orada harakatni boshladilar.

Mahallaning O‘zbegim va Xo‘jakent ko‘chalarini bog‘lab turadigan ushbu ko‘prikdan o‘quvchilar 27-sonli maktabga, mahalla erkaklari namoz ibodatini ado etish uchun masjidga, ko‘pchilik yoshlar ishga, tuman markaziga borish uchun har kuni takror-takror o‘tadilar. Shuning uchun ham Haytimbat Tajiyevning ko‘prik qurish haqidagi qaroridan xursand bo‘lib, yeng shimarib hasharga keladiganlar ham kun sayin ko‘paydi.

Tashabbuskor otaxon hech kimdan yordam so‘ramadi. Biroq mahalla faollari, yoshlari yoz taftini pisand qilmay, ko‘prik qurilishida jon-jahdlari bilan mehnat qilishdi. “Xonsaroy” qurilish tashkiloti, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi, tuman uy-joy qurilish boshqarmasi, “Temir-beton” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbarlari ham qurilishga imkon qadar hissa qo‘shdilar.

O‘tgan ikki yarim oy ichida kanal ustiga zamonaviy uslubda ko‘rkam va mustahkam ko‘prik bunyod etildi.

Joriy yilgi Mustaqillik kuni Arnabo‘yi mahallasi ahli uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Haytimbat Tajiyev ko‘prikning uzoq yillar xalqimizga xizmat qilinishini tilab, qo‘y so‘yib, elga osh berdi. Mahalladoshlari ham Haytimbat Tajiyevga, unga ko‘makdosh bo‘lgan barcha fuqarolarga buningdek ezgu ishni amalga oshirganlari uchun ulkan minnatdorchilik bildirdilar, ehsoni qabul bo‘lishini tilab duo qildilar.

Piyodalar uchun ham, transport vositalari haydovchilari uchun ham qulay, ko‘rkam va mustahkam ko‘prik barcha mahalla ahlini quvontirdi. Bu ko‘prik shunchaki bir yangi inshoot emas, azaliy an’analarimizning, o‘zbekona tantilikning, chin mo‘’minlikning ifodasidir.

Oygul RAJABOVA.