PAXTA YIG‘IM-TЕRIM MAVSUMI BOSHLANISHIGA BAG‘ISHLANGAN TADBIR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida 2022 yil hosili uchun yetishtirilgan paxta yig‘im-terim mavsumining ramziy boshlanishi hisoblangan “Oq oltin karvoni” tadbiri tashkil etildi. Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektor rahbarlari va qishloq xo‘jaligi sohasi mas’ullari, fermer xo‘jaliklar rahbarlari ishtirok etdilar.

 5 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda dastlab tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev so‘zga chiqdi va paxtakorlarni erta bahordan urug‘ qadab, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarib, hosilni yig‘ib olish mavsumiga yetib kelganliklari bilan tabrikladi. Mavsum davomidagi paxta terish jarayonlarida kuch-quvvat va g‘ayrat-shijoat, “oq oltin”ni nes-nobud qilmasdan yig‘ib olishda kuch-quvvat tiladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari, fermer xo‘jalik rahbarlari ham so‘zga chiqib, paxtakor-dehqonlarni bahor-yoz oylarida barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarib, marraga – hosilni yig‘ib olishdek mas’uliyatli mavsumga yetib kelganliklari bilan tabrikladi. Shuningdek, barchani hosilni nest-nobud qilmay yig‘ib-terib olishga bor imkoniyatni safarbar qilishga chaqirdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, joriy yilda amudaryolik paxtakorlar o‘z oldilariga ulkan marralarni qo‘ydilar. Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasi klasteri bilan 351 ta paxtachilik fermer xo‘jaliklari o‘rtasida shartnomalar tuzilib, 13 ming 900 gektar yerga tumanimiz iqlim sharoitiga mos serhosil paxta navlari ekildi.

Fermer xo‘jaliklari rahbarlari joriy qishloq xo‘jaligi yilining barcha mavsum yumushlarini agrotexnika qoidalariga muvofiq tashkil etdilar. Yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatlarda yig‘ib-terib olish bo‘yicha tumanda terim otryadlari tashkil qilinib, ularga yordamchi-terimchilar biriktirilgan.

Barcha paxta maydonlarida defoliatsiya ishlari sifatli yakuniga yetkazildi. Shuningdek, mavsum boshlanishi oldidan paxta yig‘im-terimini ko‘tarinki ruhda, uyushqoqlik va jipslik bilan amalga oshirish, terimchilar va ko‘ngilli hasharchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida terilgan paxtani qabul punktlariga tashish uchun transport vositalari, tirkama, terim sur’atini bir maromda olib borishni ta’minlash uchun tarozilar taxt qilib qo‘yildi.

Qabul punktlarida ham yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilingan holda mavsumga tayyorgarlik ishlari olib borildi va xo‘jaliklardan keltirilgan paxtalarni o‘z vaqtida qabul qilib olishga shay qilib qo‘yildi. Bundan tashqari, terimchilarning sifatli tushlik bilan muntazam ta’minlanishlariga alohida e’tibor qaratilib, fermer xo‘jaliklari tomonidan qozon-o‘choqlar, toza ichimlik suvi saqlash idishlari va boshqa zarur ashyolar tayyorlandi.

Tadbirda ishtirok etgan sektorlar rahbarlari ham tumanimiz dalalaridagi paxta xirmoni barakatli bo‘lib, amudaryolik paxtakorlar har yilgidek Respublikada birinchilardan bo‘lib, mo‘l paxta xirmoni bunyod etishlarida omad tiladilar. Marosimdan so‘ng, qabul maskanida paxta qabul qilish ishlari boshlab yuborildi.

Tumanimizdagi barcha fermer xo‘jaliklari paxta dalalarida hosil yig‘im-terimi jadal sur’atlarda boshlab yuborildi.

O.Xudoyberganova.