Qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlar aholining farovon turmushi garovi

Туман янгиликлари

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.  Shu bilan birga, paxta va g‘alladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz va sabzavotchilik, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish sohasida eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlari ekishni ko‘paytirish, shuningdek, aholining keng qatlamlarini jalb qilish orqali ushbu yerlardan samarali foydalanish tizimini yaratish evaziga tarmoqda qo‘shimcha o‘sishga erishishda ilmiy asoslangan yondashuv va o‘rganishlarni inobatga olish taqozo etilmoqda.  
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari 34-sessiyasida qishloq xo‘jaligini rivoj-lantirish maqsadida yil yakuniga qadar 6620 gektar, kelgusi yilda 6 ming gektar paxta va g‘alla maydonlarini qisqartirib, har bir oilaga 2 gektardan yer ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdilar.
Shuningdek, ekin ekish xarajatlari uchun fermerlarga 200 mlrd. so‘m va dehqonlarga 50 mlrd. so‘m ajratish, suv ta’minotini yaxshilash maqsadida har bir quduqni burg‘ulash va ishga tushirish uchun 15 mln. so‘mgacha subsidiya ajratish va boshqa moliyaviy ko‘mak bo‘yicha topshiriqlar berildi. Ushbu topshiriqlar ijrosini yanada jadallashtirish maqsadida 2022 yil 31 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion tex-nologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi. Ushbu Farmon qishloq xo‘jaligi sohasining yanada gullab-yashnab, mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholining turmush farovonligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Javlon RAJABOV, tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi huzuridagi Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisob-kitobini yuritish markazida aholi xonadonlarida tomorqalardan samarali foydalanish bo‘yicha agronomi