Respublika ishchi guruhi tumanimizga tashrif buyurdi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirish maqsadida joylarda ishchi guruhlar tashkil qilingan edi. Ishchi guruhlar hududlarda bo‘lib, muammo va takliflarni o‘rganadi hamda dastur loyihasini tayyorlaydi.

10 sentabr kuni tumanimizga Respublika ishchi guruhi a’zolari − O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo Vaziri o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil qilingan shtab rahbari Badriddin Abidov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Baxitjan Xabibullayev va boshqa mas’ullar tashrif buyurdi.

Dastlab, ishchi guruh vakillari Jumurtov shaharcha fuqarolar yig‘inida bo‘lib, aholi hamda mahalliy Kengash deputatlari bilan suhbatlashdi.

Shundan so‘ng, tuman hokimligi binosida mahalla raislari, hokim yordamchilari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda, “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan ezgu ishlar zamirida eng avvalo, inson manfaati mujassam ekanligi, shu nuqtai nazardan odamlarning dardini eshitish, muammolarini hal etish, yashash sharoitini yaxshilash, bir so‘z bilan aytganda ularning o‘tayotgan har bir kunidan rozi bo‘lib yashashlari uchun qulay sharoit va imkoniyatlar yaratish borasida ko‘plab ijobiy ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

Jumladan, “Inson qadri uchun” ezgu tamoyili asosida ishlarni tashkil etish bo‘yicha uy-joy, maktab, bog‘cha, tibbiyot, madaniyat, sport muassasalari ichki yo‘llar, ichimlik suv, elektr, gaz ta’minoti hamda obodonlashtirish masalalari bilan bog‘liq ishlar tezkor va yuqori sur’atlarda amalga oshirilayotganligi, bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish, xususan, aholi kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rastuvchi eng dolzarb muammolarni o‘rganish orqali 2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirish maqsad qilinganligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, Dastur doirasida ishlar boshlanganidan so‘ng unga kiritilgan ob’ektlarda qurilish, ta’mirlash ishlarining borishi joyiga chiqqan holda nazorat qilish va muvofiqlashtirish respublika shtabi tomonidan amalga oshirilishi ta’kidlandi. Yig‘ilishda aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kengaytirish, mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq va tezkor choralar ko‘rish lozimligiga alohida urg‘u berildi.

 Shuningdek, “Aholi kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rastuvchi eng dolzarb muammolarni o‘rganish orqali 2022-2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturi”da uy-joylar, maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari, mahalla binosi, ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr, gaz ta’minoti kabi masalalariga alohida e’tibor qaratilishi aytib o‘tildi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan har qanday islohot eng avvalo, inson uchundir. Maqsad − aholi farovonligini ta’minlash, yashash sharoitini yaxshilash, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratib berishdir.

 Mazkur ishlarni tashkil etishda, mahallalarda faoliyat yuritayotgan mahalla raislari, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchilarning aholi bilan yuzma-yuz uchrashib, muammolarini, takliflarini o‘rganishi, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga egadir.

Yig‘ilishda mahallalarning infratuzilmasini yaxshilash, qambag‘allikni qisqartirish, ishsizlikka barham berish maqsadida har bir mahallaga tayinlangan hokim yordamchilarining ish faoliyatida e’tibor qaratishlari lozim bo‘lgan muhim vazifalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Hokim yordamchilari ham o‘z navbatida o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, tegishli javoblar oldilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati