O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni targ‘ibotiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Ma’lumki, 2022 yil 31 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi.

Farmonning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik vakillariga yetkazish hamda tushintirish ishlarini olib borish maqsadida targ‘ibot tadbirlari, yig‘ilishlar o‘tkazilib kelinmoqda.  Ana shunday yig‘ilishlardan biri 13 sentabr kuni Amudaryo tumani hokimligi binosida bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman hokimning birinchi o‘rinbosari Rashid Salayev, 3-sektor rahbari tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamaladdin Yusupov, 4-sektor rahbari tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seitov, Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi boshlig‘i Mirtemir Davletmuratov hamda mahalla raislari, hokim yordamchilari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston aholisining yashash sharoitini yaxshilash, tadbirkor, fermer, tomorqa yer egalariga yaratilgan qulaylik va yengilliklar, yoshlar uchun ajratilan qo‘shimcha qabul kvotalari haqida aytib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, Farmonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish hamda qulay agrobiznes muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.

Shu maqsadda fermer xo‘jaliklari va klasterlar tasarrufidagi paxta va g‘alladan qisqartiriladigan, aholi punktiga yaqin va suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan hududlardagi yerlar tuman zaxirasiga qaytarib olinadi. Ushbu yerlar dehqon xo‘jaligini tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamda ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga ijaraga beriladi. Albatta, bunday imkoniyat o‘z tadbirkorligini qishloq xo‘jalagi mahsulotlarini yetishtirish orqali yo‘lga qo‘yishni istagan fuqarolar uchun muhim ijobiy yangilik bo‘ldi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha Farmonda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berdilar.

Yig‘ilishda yuridik va jismoniy shaxslarning soliqlardan qarzdorliklarini bartaraf qilish masalasida ham so‘z yuritildi. Ma’lumki, soliq solinadigan mulkka ega bo‘lgan jismoniy shaxslar mulk solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi. Ko‘chmas mulk, uy-joylar, kvartiralar, dala hovli, garaj va boshqa imoratlar, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkalari soliq solish ob’ekti sanaladi.

Jismoniy shaxslarning mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish tartibi davlat soliq xizmati organlari tarafidan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi idoraning ma’lumotlari asosida amalga oshiriladi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi idora soliq solish ob’ekti joylashgan joydagi davlat soliq xizmati organlariga har yili ob’ektning inventarizatsiya hajmi va uning mulk egasini aniqlab, ma’lumotlarni shu ob’ekt joylashgan hududdagi davlat soliq inspeksiyasiga topshiradi.

Ammo soliq to‘lovlariga befarqlik bilan qarayotgan kimsalar ham oramizda yo‘q emas. Mavjud qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda aniq tadbirlar amalga oshirilyapti. To‘lanmay qolayotgan qarzdorlikni fuqarolarning mol-mulkidan undirish bo‘yicha soliq inspeksiyalari tomonidan ijro varaqalari yuborilmoqda.

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizni mol-mulk, yer solig‘i va boshqa soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashga chaqiramiz. Davlatimiz rivoji, farzandlarimiz kelajagi, bugungi obod va farovon turmushimiz uchun soliq to‘lovlarini vaqtida amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.