Fermer xo'jaliklari va tomorqa yer egalariga ko'plab qulayliklar joriy etilmoqda

Туман янгиликлари

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini isloh qilish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Lekin,  Respublikaning ayrim hududlarida suv ta’minoti masalasi muammoligicha qolayotgan edi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 avgust kungi PF-213 sonli Farmonining qabul qilinishi orqali suv ta’minoti og‘ir hududlarda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining yer maydonlarini sug‘orish uchun chuqurligi 5 metrdan ortiq bo‘lgan har bir vertikal sug‘orish qudug‘ini burg‘ulash va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga hududning har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so‘mdan, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobaridan oshmagan miqdorida Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratilishi muhim ijobiy yangilik bo‘ldi. Undan tashqari, Farmonga ko‘ra fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va g‘alladan qisqartiriladigan, aholi punktiga yaqin va suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan hududlardan zaxiraga qaytarilgan yer maydonlarini dehqon xo‘jaligini tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga, istisno tariqasida, 2 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda ochiq elektron tanlov orqali 30 yilga ijaraga berish tartibi tasdiqlanadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra aytish mumkinki, 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xom-ashyosiga nisbatan uzumdan  7 baravar, gilosdan 6 baravar, yong‘oqdan 5 baravar ko‘p daromad olsa bo‘ladi. Shunga ko‘ra endilikda ajratib berilgan yerlarda oilaviy tadbirkorlik doirasida kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, sabzavotchilik, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish orqali “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarning bandligini ta’minlash imkoniyatlari yaratiladi. Bu yil yer berilgan yoshlarimiz orasidan tajribali va tashabbuskorlarini aniqlab, ularga kelgusi yillarda tuman zaxira yer fondi hisobidan yer maydonlari ajratib berish, fermer xo‘jaligi tashkil qilish uchun o‘tkaziladigan tenderda ishtirok etishga ham jalb qilib, daromadlarini oshirishga ko‘maklashamiz.

Ilhom POLVONOV,

tuman Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi