Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari a’zoligiga nomzodlar uchun o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz Mustaqillikka erishgan dastlabki yillardayoq qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi insonparvar qadriyatlarni, xalqaro huquqiy me’zon va talablarni o‘zida mujassam etgan yagona qomusimiz hisoblanadi.

Shiddat bilan rivojlanayotgan zamon, dunyoda ro‘y berayotgan ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy o‘zgarishlar konstitutsiyamizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni talab etmoqda. Shu maqsadda o‘tgan yili Prezident saylovoldi uchrashuvlarida saylovchilar tomonidan Asosiy qonunimizni bugungi hayot talablariga mos holda yangilash masalasi ko‘tarilgan edi.

Fuqarolarimizning bu boradagi xohish va istaklarini amalga oshirish uchun Oliy Majlis palatalari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, faoliyat boshladi. Komissiya taklifi asosida Parlament tomonidan tayyorlangan Qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.

Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, parlamentning o‘zi ham Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish vakolatiga ega. Lekin, konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimizning fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgani xalqimizning xohish va irodasi ifodasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha o‘tkazilishi kutilayotgan umumxalq referendumi oldidan joylardagi referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari a’zoligiga nomzodlar uchun o‘quv seminar o‘tkazilmoqda.

14 sentabr kuni Amudaryo tumanining Olmazor mahallasi hududidagi 82-sonli umumta’lim maktabi binosida Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq referendumi oldidan joylardagi referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari a’zoligiga nomzodlar uchun o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda Oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchilari − Tajixal Qudaybergenova, Salamat Ganiyev, Yerpolat G‘aniyev hamda tumandagi muassasa-tashkilot rahbarlari − Ulug‘bek Abdurahmonov, Azimjon Bekbernenov, Bahodir Jumaniyazovlar trenerlik qilishdi.

Seminar 3 guruhga bo‘lingan holda olib borildi. Har bir guruhda 21 nafardan ishtirokchilar, ya’ni referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari a’zoligiga nomzodlar qatnashib, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining mazmun-mohiyati bilan batafsil tanishtirildi.

Ta’kidlanganidek, Qonunning 7-moddasiga binoan referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni referendum o‘tkazuvchi komissiyalar amalga oshiradi. Ular fuqarolarni o‘z ishlaridan, jumladan, okruglar, ovoz berish uchastkalari tuzilganligi, komissiyalarning tarkibi, ularning joylashgan manzili va ish vaqtidan voqif etadilar, ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxatlari bilan tanishtiradilar, ovoz berish yakunlaridan xabardor qiladilar.

Shuningdek, Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasi referendum tayinlash to‘g‘risidagi qaror e’lon qilinganidan keyin okrug komissiyasi tomonidan yigirma besh kundan kechikmay besh nafardan o‘n to‘qqiz nafargacha a’zodan iborat tarkibda tuziladi.

Referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining raisi, rais o‘rinbosari va kotibi komissiya majlisida uning a’zolari orasidan saylanadi.

Seminar dovimida Konstitutsiyaga kiritilashi lozim bo‘lgan normalarni fuqarolarning ma’qullashi yoki ma’qullamasligi byulletenlarga maxsus belgilar orqali ko‘rsatib o‘tilishi va natijalarni sarhisob qilib, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasiga taqdim qilish tartibi hamda mazkur jarayonning tashkil etilishida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega ekanligi aytib o‘tildi.

Shundan so‘ng, seminar ishtirokchilari trenerlarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, tegishlicha javoblar oldilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.