Tuman hokimining yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, o‘sib kelayotgan barkamol avlodga bo‘lgan g‘amxo‘rlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bilan ham ahamiyatlidir. Zero, yoshlar – Vatan kelajagi, ertangi kunning bunyodkorlaridir.

Shu e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi sifatida joylarda yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, ularning muammolari tinglanmoqda. 15 sentabr kuni Amudaryo tumanining Qipchoq ovul fuqarolar yig‘ini binosida bo‘lib o‘tgan “Hokim va yoshlar uchrashuvi” ham shular jumlasidandir. Uchrashuvda yoshlarning takliflari, muammolari tuman hokimi va tegishli tashkilotlar mas’ullari tomonidan tinglandi.

Uchrashuvda tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlarga javoban ularning ta’lim, fan, ishlab chiqarish, tibbiyot, sport sohasida erishayotgan yutuqlari haqida o‘zining iliq fikrlarini bildirib o‘tdi.

Shundan so‘ng tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 avgust kungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’tlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida yosh tadbirkorlarga berilgan imkoniyatlar, qulayliklar hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshirilishi belgilangan vazifalar haqida tuhtalib o‘tdi.

Qolaversa, 2022/2023 o‘quv yili uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy o‘rta, o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarini tamomlagan 500 nafar, keyingi o‘quv yillari uchun esa har yili 1 sentabrga qadar 6 500 nafar yoshlarning viloyatlardagi davlat oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha qabul parametrlari asosida o‘qishga qabul qilinishi belgilangani yoshlar uchun katta imkoniyat ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, sektor rahbari yoshlarni ijtimoiy va siyosiy faol bo‘lishga, vatanparvarlik va hamjihatlik xislatlarini to‘liq namoyon qilishga undadi.

Tuman hokimining yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq va samimiy uchrashuvida ularning kundalik turmushida uchrayotgan muammolar, yechimini kutayotgan masalalar yuzasidan muloqot qilindi.

Qipchoq ovul fuqarolar yig‘ini va Qipchoq shaharcha fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi faol yoshlaridan bir nechta murojaatlar kelib tushdi. Bandlik, subsidiya asosida tikuv mashinasi olish, kontrakt-to‘lovining qoplab berilishi kabi masalalar shular jumlasidandir.

Murojaatlar yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilovga hamda mas’ullarga topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Bugungi kunda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va imkoniyatlar natijasi o‘laroq tumandagi ko‘plab yoshlar o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganlar.

Yoshlarning tadbirkorlik va hunarmandchilik loyihalarini qo‘llab kuvvatlash maqsadida tumandagi 646 nafar yurtdoshlarimizga 14 mldr. 200 mln. so‘m kreditlar ajratildi. Natijada 670 ta ish o‘rni yaratildi. Bunday ko‘rsatkichlar albatta, ertangi kunga ishonch va mehnatsevarlik bilan harakat qilayotgan yoshlarning erishayotgan muvafaqqiyatlaridir.

Yig‘ilish yakunida tuman hokimi yoshlarga murojaat qilib, bugun amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarining barchasi yoshlar uchunligini, ular o‘z ustida doimiy ishlab, hamisha yuqori marralarni zabt etishga intilishlari lozimligini ta’kidladi.

Tuman hokimliging Axborot xizmati.