Xotin-qizlar faollari bilan matbuot anjumani o‘tkazildi

Туман янгиликлари

15 sentabr kuni tuman hokimligining Axborot xizmati tomonidan “Hududda xotin-qizlarning ijtimoiy hayotda faolligini oshirish, ularning kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlash, sog‘lom ona va sog‘lom bola konseptsiyasini amalga oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburova, tuman Ichki ishlar bo‘limining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektori Inobat O‘razmatova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari Fotima Eshimbetova hamda tumandagi 49 ta ovul va mahallalarning xotin-qizlar faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Anjumanda “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarga ko‘rsatilayotgan yordam turlari, jinoyatchilikning oldini olish, ularning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, shu kungacha 3-bosqich “Ayollar daftari”ga kiritilgan 3 810 nafar xotin-qizlarning 3 537 nafariga yordamlar ko‘rsatilib, shundan uy-joyga muhtoj 86 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning 11 nafari mahalliy budjet va homiylik hisobidan uy-joy bilan ta’minlandi va 20 nafarning ijara pullari kompensatsiya sifatida to‘lab berildi.

Shuningdek, 115 nafar ehtiyojmand xotin-qizlardan 8 nafarining uy-joyi xomiylik hisobidan ta’mirlandi va 46 nafar ayollarning uylarida ta’mirlash ishlari davom etmoqda.

Anjumanda xotin-qizlarni kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash, jamiyatdagi nufuzini oshirish eng dolzarb vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi va bu borada tumanda amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilishicha joriy yilning 8 oyi davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz 1 208 nafar ehtiyojmand xotin-qizlardan 1 196 nafarining bandligi ta’minlandi. 907 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning 805 nafariga “Ayollar jamg‘armasi” tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 4 barobari miqdorida bir martalik moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

Undan tashqari, ayollarning o‘z tomorqasidan unumli foydalanishlari uchun 70 nafar ayol-qizga hududdagi fermerlar biriktirilib, fermer xo‘jaliklari raxbarlari tamonidan homiylik yordamlari sifatida bug‘doy, un, yog‘, parranda va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Anjumanda ayol-qizlar orasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida tuman Ichki ishlar bo‘limining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektori Inobat O‘razmatovaning axboroti tinglandi.

Axborotda joriy yilning 8 oyi davomida tumandagi ayollar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar hamda ularni yuzaga keltirgan sabablar xususida so‘z yuritildi.

Shuningdek, ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning oldini olishda mahallalarda tashkil etilgan “Oqila ayollar harakati” a’zolari faol bo‘lishlari lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

Anjuman yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, tegishlicha javoblar oldilar.

Tuman hokimligining Axborot xizmati