Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy va tuman komissiyalari a’zolarining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Bugungi kunda asr muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurashish nafaqat mahalliy, balki xalqaro darajadagi inson huquq va erkinlarini ta’minlashdagi asosiy masalalardan biridir. Achinarlisi, ushbu illatning oldini olishga qaratilgan keng qamrovli huquqiy targ‘ibot tadbirlari olib borilishiga qaramay, millionlab insonlar odam savdosi qurboniga aylanmoqda.

Shu sababdan odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish, joylarda huquqiy targ‘ibotni yanada kuchaytirish muhim vazifalardan biri sanaladi.

15 sentabr kuni tuman hokimligi binosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy komissiyasi va tuman komissiyasi a’zolari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida komissiya a’zolarining o‘zaro hamkorlik aloqalari, odam savdosiga oid jinoyatlarni fosh etish, ularga barham berish amaliyoti, shuningdek, majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan bayon va qarorlarni tahlil qilish, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va oldinda turgan dolzarb masalalar muhokama etildi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar odam savdosiga qarshi kurashishda davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari sa’y-harakatlari bilan manzilli ishlar amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida aytib o‘tishdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur yo‘nalishdagi mavjud muammolarni bartaraf etish va amaliyotni xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash borasida ijobiy natijalarga erishilishiga qaramasdan, joylardagi ayrim rahbarlar mas’uliyatsizligi va e’tiborsizligi sababli hali ham ayrim muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha tuman komissiyasining 8 oylik hisobotlari tinglanib, komissiya faoliyati sarhisob qilindi.

Yig‘ilish yakunida odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha kelgusidagi muhim vazifalar belgilab olindi va kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Darhaqiqat, odam savdosi va majburiy mehnat kabi jinoyatlar insonning qadr-qimmati kamsitilishiga sabab bo‘luvchi, jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘luvchi illatlardan biri hisoblanadi. Ushbu jinoyatlarning oldini olishga Respublika, hududiy va tuman komissiya a’zolarigina emas, mamlakatimizdagi Vatan taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan har bir fuqaro hissa qo‘shishi lozim.

Tuman hokimligining Axborot xizmati