Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 52-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2022 yil 19 sentabr kuni Amudaryo tumani hokimligida Xalq deputatlari tuman Kengashining 52-sessiyasi o‘z ishini boshladi.

Sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, huquq-tartibot organlari, bo‘limlar, jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani tuman hokimi – Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi.

Sessiya kotibligiga 18-Xitoy saylov okrugidan deputat Muzaffar Yeshchanov saylandi.

Sessiyada dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan Prezident Farmonlari, Qarorlari va dasturlarining ijrosi hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi belgilangan vazifalar yuzasidan birinchi va ikkinchi sektor rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

1-sektor rahbari – tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev 2022 yilning 8 oyi dvomida 1-sektor hududida amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi.

Keltirilishicha, 1-sektor hududida yil boshidan buyon oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 460 nafar fuqaroga 9,6 mlrd.so‘mlik kredit mablag‘lag‘i ajratilib, yengil konstruksiyali issiqxona va asbob-uskunalar sotib olish uchun 44 nafar fuqaroga 133,4 mln.so‘mlik subsidiyalar ajratildi.

Shuningdek, fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, kooperatsiyalar tashkil qilishi, asbob-uskuna sotib olishlari uchun ham subsidiyalar ajratilmoqda.

Xususan, Qipchoq ovuli hududida “Amudaryo outlet” ishlab chiqarish kooperativiga 15 nafar xotin-qizlarni a’zo qilgan holda 60 mln. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.

1-sektor rahbari joriy yilning o‘tgan davri mobaynida hududda keng ko‘lamli qurilish ishlari amalga oshirilganini, xususan, ichki yo‘llar va avtomobil yo‘llari ta’mirlanib, yangidan transformatorlar, elektr uzatish ustunlari o‘rnatilganini aytib o‘tdi.

Shuningdek, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yilning 8 oyi davomida 77 nafar fuqarolar reablitatsiya texnik vositalari va kreslo-aravachalar bilan ta’minlandi.

Ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida 1-sektor hududidagi 597 ta oilalarning 560 tasi “Temir daftar”dan, 933 nafar xotin-qizlarning 853 nafari “Ayollar daftari”dan, 541 nafar yoshlarning 498 nafari “Yoshlar daftari”dan chiqarilgan.

Sessiya ishida 2-sektor rahbari – tuman prokurori Aziz Ro‘zmetovning ham sektor hududida 8 oy davomida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, sektor hudida aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, joriy yilning 8 oyi mobaynida sektor hududida yashovchi 371 nafar xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi. Tadbirkorlik qilish istagidagi xotin-qizlarning 140 nafariga kreditlar ajratildi. Shuningdek, hududdagi 227 nafar ayolga tibbiy xizmatlar ko‘rsatilib, salomatligini tiklashi uchun sharoitlar yaratib berildi.

Sessiya ishida tumanda millatlararo munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Duysenbayevning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, tumanning Mang‘it shahri, Beshtom, Nazarxon, Kuyuk-ko‘pir, Amir Temur kabi ovullarida asosan rus, qozoq, qaraqalpoq, turkman millatiga mansub aholi istiqomat qilishadi. Ushbu ovul va mahallalarda aholining yashash tarzi yaxshi bo‘lib, shu paytgacha milliy va etnik nizolar kelib chiqmadi. Aholi tinchlik va hamjihatlikda yashab kelmoqda. Tumanda faoliyat yuritib kelayotgan 85 ta maktablarda ta’lim 5 ta tilda olib boriladi.

Sessiya kun tartibidagi xotin-qizlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish hamda jamiyatda ularning nufuzini yanada oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samarodorligi bo‘yicha tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Go‘zal Saburovaning hisoboti tinglandi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 8 oyi davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz 1 208 nafar ehtiyojmand xotin-qizlardan 1 196 nafarining bandligi ta’minlandi. 907 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning 805 nafariga “Ayollar jamg‘armasi” tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 4 barobari miqdorida bir martalik moddiy yordamlar ko‘rsatildi.

Undan tashqari, ayollarning o‘z tomorqasidan unumli foydalanishlari uchun 70 nafar ayol-qizga hududdagi fermerlar biriktirilib, fermer xo‘jaliklari rahbarlari tamonidan homiylik yordamlari sifatida bug‘doy, un, yog‘, parranda va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Sessiya ishida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Faxriddin Abdullayevning hisoboti tinglandi.

Hisobotda shoshilinch tibbiy yordam qabulxonasini tashkil qilish, qizil, sariq va yashil zonalarda tibbiy xizmatlarni sifatli tarzda amalga oshirish, bemorlarga qulaylik yaratish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, aholi orasida yuqumli kasalliklarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari muntazam o‘tkazib kelinayotgani aytib o‘tildi.

2022 yilning o‘tgan davri mobaynida tuman markaziy shifoxonasida va Respublika tibbiyot markazlarida 87 nafar bemorlar bilan yuqori texnologik operatsiyalar o‘tkazilib, bemorlar og‘ir darddan xolos bo‘lishdi.

Sessiya ishida kun tartibida ko‘rilgan barcha masalalar bo‘yicha xalq deputatlari tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Sessiya 20 sentabr kuni o‘z ishini davom ettiradi.

Tuman hokimligining axborot xizmati.