Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 52-sessiyasi ikkinchi ish kuni to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

20 sentyabr kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 52-sessiyasi o‘z ishini davom ettirdi.

Sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, huquq-tartibot organlari, bo‘limlar, jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyani tuman hokimi – Xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sultonboy Yo‘ldashev ochdi va olib bordi.

Sessiya ishida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan Prezident Farmonlari, Qarorlari va dasturlarining ijrosi hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi belgilangan vazifalar yuzasidan uchinchi va to‘rtinchi sektorlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

 3-sektor rahbari – tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jamaladdin Yusupov 2022 yilning 8 oyi dvomida 3-sektor hududida amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berdi.

Hisobotda keltirilishicha, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, sektor hududiga qarashli Boyovul, Tor-yop, Qizilcholi, O‘zbekiston, Kuyuk-ko‘pir mahallalaridan o‘tuvchi davlat ahamiyatidagi va ichki yo‘llarda ta’mirlash ishlari olib borilgan. Shuningdek, 814 nafar ehtiyojmand oilalarning 753 nafari “Temir daftar”dan, 532 nafar yoshlarning 329 nafari “Yoshlar daftari”dan chiqarilgan.

Sessiya ishida 4-sektor rahbari − tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seyitovning ham hisoboti tinglandi.

Qayd etilganidek, 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida sektor hududida istiqomat qiluvchi vaqtincha ishsiz bo‘lgan ayollar va yoshlarning 137 nafari doimiy ishga joylashtirilgan. 65 nafar fuqaroga 171 mln. so‘mlik subsidiyalar ajratilgan.

Undan tashqari, xududdagi xokim yordamchilarining ko‘magi bilan mahalladagi 462 nafar fuqarolarga oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishlari uchun 7 mlrd 713 mln so‘mlik kreditlar ajratildi hamda 420 nafar ishsiz fuqarolarning o‘zini o‘zi band qilish orqali bandligi ta’minlandi.

Sektor hududida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 49 nafar fuqaro reablitatsiya texnik vositalari va kreslo-aravachalari bilan ta’minlandi.

Sessiya kun tartibida Amudaryo tumanida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar xususida Amudaryo tumani Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi boshlig‘i Jasur Davletovning hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, mahallalar va sektor a’zolari bilan birgalikda hududlarda olib borilgan o‘rganishlar natijasida joriy yilda jami 2 697 ta oilalar kambag‘al oilalar ekanligi aniqlandi. Ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida ushbu oilalar “Temir daftar”ga kiritildi.

Mazkur oilalarga hukumat Farmonlari va qarorlariga asosan jami 5,7 mlrd. so‘mlik moliyaviy ko‘mak berildi. Shuningdek, 4 328 nafar mehnatga yaroqli ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Hisobotda “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga ko‘rsatilgan ijtimoiy va moddiy yordam turlari haqida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.

Ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijasida doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan 140 ta oilani “Temir daftar”dan chiqarish taklif qilindi.

Sessiya ishida Mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha kelib tushayotgan murojaatlarni tahlil qilgan holda hokim yordamchilari faoliyatining natijadorligini o‘rganish to‘g‘risida tuman Xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabovning hisoboti tinglandi.

Qayd etilganidek, Amudaryo tumanidagi Xalq qabulxonasiga 2022 yilning 7 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 1 236 ta murojaatlar kelib tushgan. Shundan 1 228 ta murojaatlar ko‘rib chiqilib, 8 ta murojaatlar o‘rganish jarayonida.

Shuningdek, hokim yordamchilari ko‘magi bilan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida bugungi kunda 2 ming 242 nafar fuqarolarga 45,9 mlrd. so‘mlik kreditlar ajratilgan. Qolaversa, hokim yordamchilari joriy yilning o‘tgan davri mobaynida 6 ming 951 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlanishiga hissa qo‘shdilar.

Sessiya ishida Bo‘z yop ovuli hududidan umumiy maydoni 7,9 gektar, shundan ekin maydoni 7,7 gektar bo‘lgan uchastkada dexqon xo‘jaliklari tashkil etish, Nazarxon ovuli hududidan umumiy maydoni 185,2 gektar, shundan ekin maydoni 74,1 gektar uchastkada g‘allachilikka ixtisoslashgan elita xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida ochiq elektron tanlovga chiqarish bo‘yicha tayyorlangan hokim qarori loyihasi ko‘rib chiqildi.

Sessiya ishida kun tartibidagi va Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, Xalq deputatlari tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.