Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashevning 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan barcha ustoz va muallimlarga bayram tabrigi

Туман янгиликлари

Muhtaram ustoz va murabbiylar! Qadrli faxriylar!

Avvalo, Siz, azizlarni, siz orqali ta’lim-tarbiya sohasining barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayrami — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman!

Ushbu qutlug‘ ayyomda Siz – aziz ustoz va muallimlarga ko‘nglimizda, yuragimizda bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarni so‘z bilan ifoda etish qiyin, albatta. Chunki Siz hayot yo‘llarimizni yorituvchi, insoniyatga ilm ziyosini tarqatuvchi mo‘’tabar insonlarsiz. Biz kim bo‘lmaylik, qaysi sohada ishlamaylik, Sizning qarshingizda bosh egib, ta’zim qilamiz!

Qadrli ustozlar va murabbiylar!

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirishga qaratilgan, oilada farzand tug‘ilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratildi.

Hurmatli Prezidentimiz bu jarayonda inson kapitaliga e’tiborni yanada kuchaytirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish borasida muhim dastur va loyihalarni amalga oshirmoqda.

Bu kabi islohotlar Amudaryo tumanida ham o‘z aksini topib, ijobiy samaralarini bermoqda.

Masalan, bundan 5 yil oldin tumanda 37 ta bog‘cha faoliyat yuritib, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 25,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda bunday muassasalar soni 123 taga, tizimdagi qamrov darajasi salkam 71 foizga yetdi.

Tumanimizdagi mavjud 85 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 38 ming 496 nafar o‘quvchilar sifatli ta’lim-tarbiya olishmoqda. O‘quvchilarga yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida birgina joriy yilda 55-sonli maktabga 330 o‘rinli, 76-sonli maktabga 360 o‘rinli, 14-, 18-, 36- va 69-sonli maktablarning har biriga 180 o‘rinli qo‘shimcha binolar qurilmoqda.

Ta’lim sohasiga berilayotgan e’tiborning samarasi sifatida yakunlangan o‘quv yilida 11-sinfni bitirgan 2582 nafar o‘quvchidan 2394 nafari oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirib, 571 nafari talaba bo‘ldi.

Mamlakatimizda Prezident maktablari, ijod maktablari, ixtisoslashgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ta’lim sohasida muhim yangilik bo‘ldi. Tumanimizda ham joriy yilda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Amudaryo tumani ixtisoslashtirilgan maktabi dastlabki o‘quvchilarini o‘z bag‘riga qabul qildi.

Amudaryo muhandislik texnikumi, Mang‘it shahri va Qipchoq shaharchasidagi kasb-hunar maktablari ham samarali faoliyat yuritib, malakali o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalari zamon talablariga mos kadrlar yetishtirib chiqarish maqsadida yoshlarimizga kasb-hunar sirlarini puxta o‘rgatmoqdalar.

O‘quvchilarni maktabdan tashqari to‘garaklarga jalb qilish, ularning qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish borasida tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabi ham samarali faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunda ushbu maktabning 68 ta to‘garaklaridagi 139 ta guruhlarga 1668 nafar o‘quvchi-yoshlar qamrab olingan.

Tajribali sport murabbiylari, malakali trenerlardan sport sirlarini o‘rganib, to‘garaklarga qatnayotgan o‘smirlar va yoshlarimiz esa bugun ulkan natijalarni qo‘lga kiritib, tumanimiz sharafini yuksaklarga ko‘tarmoqda. Eng muhimi, ular mustahkam irodasi va g‘ayrat-shijoati bilan yoshlarimiz orasida sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shmoqdalar.

Yurtimizda ustoz va murabbiylarga ko‘rsatilayotgan hurmat va e’tibor bugun har qachongidan ham yuksakdir. O‘qituvchilik kasbining jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularga qulay mehnat sharoitlarini yaratish, ish haqlarini oshirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Yaqindagina imzolangan Prezidentimizning Farmoniga ko‘ra bayram arafasida ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlangani ham ustoz va murabbiylarimiz fidoyi mehnatlarining e’tirofidir. Farmonga muvofiq tumanimizdagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining fransuz tili fani o‘qituvchisi Gulbahor Saidova II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangani esa amudaryolik ustoz va murabbiylarning mehnatlariga berilgan yuksak bahodir.

Fursatdan foydalanib, bayram arafasida O‘zbekiston hamda Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat mukofotlari, Xalq ta’limi vazirligining faxriy nishonlari bilan mukofotlangan fidoyi o‘qituvchilarni muborakbod etamiz.

Qadrli ustozlar!

Bizning asosiy maqsadimiz – dunyodagi taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz uchun erkin va farovon hayot qurishdan iborat ekan, bu vazifani sharaf bilan uddalaydigan bilimli va iste’dodli, hech kimdan kam bo‘lmagan navqiron avlodni tarbiyalashda fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rni alohida.

Shunday ekan, yosh avlodga ilm va fan, kasb hamda hunar sirlarini o‘rgatayotgan, ta’lim va tarbiya berayotgan Siz aziz va qadrli ustozlarni, mehridaryo o‘qituvchilarni, tarbiyachilarni, ishlab chiqarish ta’limi ustalari, ardoqli murabbiylar hamda sohada uzoq yillar mehnat qiligan faxriylarimizni yana bir bora kasb bayramingiz – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan tabriklayman!

Barchangizga sihat-salomatlik, baxtu saodat, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!

Hamisha sog‘-omon bo‘ling, muhtaram ustozlar!