AMUDARYODA O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN KATTA TADBIR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Dunyoni ziyo nurlari bilan yoritib kelayotgan o‘qituvchi va murabbiylar katta ehtiromga, e’tiboru-e’zozga loyiq bo‘lgan mo‘’tabar insonlardir. Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, kasbidan kamol topsa, shubhasiz bunda ustozlarning hissasi beqiyos. Shu bois bizga ta’lim-tarbiya bergan, oldida umrbod qarzdor bo‘lgan, abadiy hurmatimizdagi bu fidoyi kasb egalarga minnatdorchiligimiz cheksiz.

Yurtimizda ushbu ulug‘ insonlarga yuksak ehtirom ko‘rsatish maqsadida har yili 1 oktabr sanasida O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Bayram munosabati bilan Amudaryo tumanida ham katta tadbir o‘tkazildi.

“Ta’zim sizga, Ustozlar!” deb nomlangan mazkur tadbir 30 sentyabr kuni tuman Madaniyat markazi konsert zalida bo‘lib o‘tdi.

Bayram tantanasiga tashrif buyurgan aziz mehmonlar – faxriy ustozlar, umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, kasb-hunar ta’limi, maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagog-xodimlari, sport murabbiylarini o‘quvchilar qo‘llarida gullar bilan qarshi oldilar.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar madaniyat uyining kirish qismidagi kitoblar, turli fotosuratlar, maketlar, o‘quvchilarning ijodiy ishlari, qo‘l mehnati namunalaridan iborat ko‘rgazmalarni tomosha qildilar va 9-, 21-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilaridan tashkil qilingan orkestr ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarni tingladilar.

Bayram tadbirida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim bo‘limlari mas’ullari ishtirok etib, mas’uliyatli va sharafli kasb egalarini bayram bilan muborakbod etdilar. Butun hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni  milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag‘ishlagan, Vatanimizning ertangi kunining  poydevorini yaratayotgan ulug‘ va olijanob kasb egalariga samimiy tilaklar bildirib, sohadagi yutuqlar tilga olib o‘tildi.

Ta’kidlanganidek, yurtimizda so‘nggi yillarda ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasini davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirishga qaratilgan, oilada farzand tug‘ilganidan boshlab, kamolot yoshiga yetgunga qadar uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan, hayotda munosib o‘rin topishiga xizmat qiladigan yaxlit va uzluksiz tizim yaratildi. Davlatimiz rahbari bu jarayonda inson kapitaliga e’tiborni yanada kuchaytirish, buning uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etish borasida muhim dastur va loyihalarni amalga oshirmoqda.

Bu kabi islohotlar Amudaryo tumanida ham o‘z aksini topib, ijobiy samaralarini bermoqda. Bunga dalil sifatida sohadagi o‘zgarishlar, yutuqlarni keltirib o‘tish mumkin. Tumanda bundan 5 yil oldin 37 ta bog‘cha faoliyat yuritib, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 25,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda bunday muassasalar soni 123 taga, tizimdagi qamrov darajasi salkam 71 foizga yetdi. Shuningdek, mavjud 85 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 38 ming 496 nafar o‘quvchilar sifatli ta’lim-tarbiya olishmoqda. O‘quvchilarga yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida birgina joriy yilda 55-sonli maktabga 330 o‘rinli, 76-sonli maktabga 360 o‘rinli, 14-, 18-, 36- va 69-sonli maktablarning har biriga 180 o‘rinli qo‘shimcha binolar qurilmoqda.

Prezidentimizning Farmoniga ko‘ra bayram arafasida ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ushbu Farmonga muvofiq tumanimizdagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining fransuz tili fani o‘qituvchisi Gulbahor Saidovaning II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan, 39-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining biologiya fani o‘qituvchisi Saida Muratboyeva esa “Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”  faxriy unvoni bilan taqdirlangani amudaryolik ustoz va murabbiylarning mehnatlariga berilgan yuksak bahodir.

Tabriklardan so‘ng, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev hamda sektorlar rahbarlari ta’lim tizimini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi o‘qituvchilarga tantanali ravishda O‘zbekiston Respublikasi “Xalq ta’limi fidoyisi”, O‘zbekiston Respublikasi “Xalq ta’limi a’lochisi”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlarini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining faxriy yorliqlarini hamda tashakkurnomalar, qimmatbaho esdalik sovg‘alarini topshirdilar.

Tadbir davomida sahnaga o‘rnatilgan katta monitor orqali sohadagi ushbu islohotlarning amaldagi samarasi sifatida tumanimiz umumta’lim maktablarida yaratilgan zamonaviy sharoitlar va berilgan imkoniyatlardan foydalanib, mashg‘ulotlar o‘tayotgan ustozlarning dars jarayonlari, o‘qituvchi va o‘quvchilarning turli tadbirlardagi ishtiroki tasvirlangan lavhalar namoyish etib borildi.

Bayram tantanasiga tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan katta musiqiy dastur yanada fayz kiritdi. Dastur davomida bayram ishtirokchilari tuman Madaniyat bo‘limi xonandalari, to‘garaklar havaskorlari, 9-, 21-sonli musiqa maktablari, “Barkamol avlod” bolalar maktabi hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarni tinglab, dilrabo raqslarni tomosha qilib, madaniy hordiq chiqardilar.

Ozoda Xudoyberganova.