“ERMANOV O‘ROZBOY” FЕRMЕR XO‘JALIGIDA YIG‘IM-TЕRIM AVJIDA

Туман янгиликлари

Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida paxta yig‘im-terimi avj pallaga kirgan. Yig‘im-terim jarayonlarida fermer xo‘jaliklari va klaster korxonalari ishchi-xizmatchilari bilan birga qo‘shimcha daromad topish istagidagi ish bilan band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi ham ixtiyoriy ravishda faol ishtirok etib, paxta xirmonlari yuksalishiga munosib hissa qo‘shishmoqda.

Amudaryo tumanidagi O‘rta qal’a ovulidagi Gulimbat Ahmedov raislik qilayotgan “Ermanov O‘rozboy” fermer xo‘jaligida ham 110 gektar yerga mahalliy iqlimga mos, serhosil “Sulton” navli chigit ekilib, astoydil parvarish qilindi. Paxta dalalarida 62 nafar ishchi va pudratchilarning bahor-yoz oylari davomida qilgan tinimsiz va mashaqqatli mehnatlari evaziga mo‘l ko‘sak yetishtirilib, hosildorlik gektaridan 32 sentnerga yetkazildi.

Hozirgi kunda terimchilarning g‘ayrati bilan kuniga 10-12 tonna paxta terib topshirilmoqda. Mavsum davomida rejada belgilangan 367 tonnalik paxta xirmonini bunyod etishni o‘z oldilariga maqsad qilgan xo‘jalik pudratchilari va ko‘ngilli terimchilar, ayni kungacha 240 tonnadan ortiq “oq oltin” terib ulgurishdi.

“Ermanov O‘rozboy” fermer xo‘jaligi hisobida 172 gektar yer maydoni mavjud. Ko‘p tarmoqliga aylantirilgan ushbu xo‘jalik yer maydonlarining 110 gektariga paxta ekilgan bo‘lsa, 31 gektarida shu kunlarda unib chiqqan bug‘doy parvarish qilinmoqda. Qolgan qismida esa chorva uchun ozuqabop, sabzavot, poliz ekinlari yetishtiriladi. Xo‘jalikda asalarichilik, chorvachilik va baliqchilik yo‘nalishlari ham tashkil qilingan bo‘lib, ayni paytda asalarilar oilasi 32 taga, chorva mollari 15 taga yetdi. Hududda tashkil qilingan ko‘lda esa yiliga 4-5 tonna baliq yetishtiriladi.

Fermer xo‘jaligida ikkilamchi ekin ekish ishlariga ham alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, g‘alladan bo‘shagan maydonga kartoshka, sabzavot, dukkakli va ozuqabop ekinlar ekiladi. Turli mevali daraxtlar yetishtirilgan mevazor bog‘da ham hosil to‘kin. Bu esa qo‘shimcha daromad olish imkonini bermoqda.

Paxta hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish muhim masalalardan biri hisoblanadi. Buning uchun hududlardagi kabi tumanimizda ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi va paxta terimiga sentyabr oyi boshlaridanoq qizg‘in kirishildi. Joriy yilda qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun birinchi terimda 1500 so‘mdan, ikkinchi terimda 1800 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanishi belgilangani esa terim sur’atini oshirishda asosiy omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Yig‘im-terim tobora qizg‘in tusga kirayotgan ayni paytda dala mehnatkashlari uchun qulay ish va dam olish sharoiti yaratilgani “Ermanov O‘rozboy” fermer xo‘jaligi terimchilariga ham g‘animat kunlardan unumli foydalanishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Terimchi, ishchi va hasharchilarga har kuni tushlik mahali issiq ovqat, choy beriladi. Terim pullarining o‘z vaqtida berib borilayotgani, ilg‘or terimchilarga rag‘bat sifatida taqdim etilayotgan turli sovg‘alar ularning g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shmoqda. Xo‘jalik ishchilari daladagi mo‘l hosilni qoldirmasdan terib, belgilangan rejadan ziyod paxta topshirish, ko‘proq daromad topish maqsadida yanada jadal harakat qilishmoqda.

Yurtimizda paxta xirmonining yuksalishiga hissa qo‘shish oilaga foyda, ro‘zg‘orga baraka keltiradigan daromad manbaiga aylanib bormoqda. Paxta yig‘im-terimida faol ishtirok etib, turli sovg‘alarga ega bo‘layotgan, mablag‘ topib, ro‘zg‘origa baraka kiritayotgan terimchilar buni o‘z hayotlarida yaqqol his etishmoqda.

Ozoda Xudoyberganova.