Toshyoplik o‘qituvchi Prezident farmoniga ko‘ra davlat mukofoti bilan taqdirlandi

Туман янгиликлари

Hech e’tibor berganmisiz, qilgan ezgu ishlari uchun kishini ota-onangga,  ustozingga rahmat, deya alqashadi. Demak, barchamizning bu hayotdagi ezgu amallarimizda ota-onamiz qatori ta’lim-tarbiya bergan ustozlarimizning ham hissasi bor.

Shu boisdan ham kim bo‘lmaylik, necha yoshga kirmaylik, ustozlarimizning hurmatini joyiga qo‘yishga intilamiz, yaxshi ishlarimiz bilan ularni quvontirgimiz keladi.

Toshyop ovulida 1968 yilda tug‘ilgan Gulbahor Saidova mashaqqatini his qilib tursa-da, o‘qituvchilikdek sharafli kasbni tanladi. U shu maqsadda o‘rta maktabni tugatgach, Toshkent davlat chet tillari pedagogika institutiga o‘qishga kirdi va fransuz tili va milliy maktablarda rus tili o‘qituvchisi mutaxassisligiga ega bo‘ldi.

Gulbahor oliygohni tugatgach, o‘zi ta’lim olgan maktabida ovulining hammasi tanish va aziz bolalariga fransuz tilidan saboq bera boshladi. Shundan beri oradan 32 yil vaqt o‘tdi. Necha saf bolalar maktabga qabul qilinib, hayotga uchirma bo‘ldi. Muallima ularning turli mutaxassislik, kasb-korli bo‘lishida hissasi ulkan ekanligini qalban his qiladi, quvonadi. U o‘z fanini o‘quvchilarga chuqurroq singdirish uchun astoydil intildi, o‘zi ham o‘qib-o‘rganishdan charchamadi. Mashg‘ulotlariga o‘quvchilar diqqat-e’tiborini jalb qilish uchun yangi-yangi dars uslublarini qo‘lladi. Natijada o‘quvchilari turli sinovlarda, fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, ustozi yuzini yorug‘ qildi.

Gulbahor Saidova o‘z kasbiga mehri, dars o‘tishdagi o‘ziga xos mahorati, chuqur bilimi tufayli oliy toifali o‘qituvchi, Qoraqalpog‘iston Xalq ta’limi a’lochisi bo‘ldi. 2011 yilda mamlakatimizning bir guruh mahoratli va iqtidorli fransuz tili o‘qituvchilari qatorida Fransiyaning Ruaya shahrida bir oylik malaka oshirish kursida o‘qib qaytdi. Bu uning o‘qituvchilik faoliyatida o‘ziga xos yorqin davr bo‘ldi. Fransuz tilida, shu til vatanida shu tilda juda ravon gapirishi, so‘zlarni erkin talaffuz qila olishi u yerdagi o‘qituvchilarni ham befarq qoldirmadi.

Fransiyadan Gulbahor Saidova yanada yuksak orzular bilan qaytdi va faoliyatini davom ettirdi. Uning o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lib, turli sohalarda ishlayotgan shogirdlari bisyor ayrimlari o‘zi bilan shu maktabda birga ishlaydi.

Kasb mashaqqati-yu oila tashvishlarini baravar yengib, turmush o‘rtog‘i Komiljon Yusupov bilan ahillikda farzandlari ham Kamronbek, Qayumjon, Marjonalarni ham munosib insonlar qilib voyaga yetkazishmoqda. Oila to‘ng‘ichi oliygoh talabasi. Qayumjon ham o‘qish niyatida, Marjona hali maktab o‘quvchisi.

Yaqinda Gulbahor Saidovaning hayotida unutilmas voqea bo‘ldi: 1 oktabr – O‘qituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan Prezident Farmoniga ko‘ra II Darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

- Bu e’tirof menga yanada samarali ishlashga rag‘bat berdi, - deydi quvonib qahramonim.

Chindan-da umr bo‘yi ezgu niyatlar bilan mehnat qilsang, mehnatlaring qadrlansa, e’tirof etilsa, bu – ulkan baxt emasmi?

Fidoyi mehnatlari tufayli ana shunday nurli manzillarga yetgan muallimaga orden qutlug‘ bo‘lsin, deymiz.

Oygul RAJABOVA.