11 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan ona “Vafo va sadoqat” medali bilan taqdirlandi

Туман янгиликлари

Bugungi tinch va osoyishta zamonamiz, dorilomon kunlar uchun necha-necha ajdodlarimiz oromi va halovatidan kechib, mehnat qilganlar. Millionlab ota-bobolarimiz yurt tinchligi yo‘lida qon to‘kib, jang maydonlarida tinchlik yo‘lida jonlarini fido qilganlar. Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi tiklanish yillari ajdodlarimiz uchun ana shunday sinovli davrlar bo‘ldi. Aynan o‘sha mash’um urush paytida – 1941 yilda dunyoga kelgan To‘lg‘anoy Dao‘letbayeva ham zamondoshlari qatori ko‘p qiyinchiliklarni boshidan kechirdi.

U uzoq yillar mobaynida Qangli ovulida jamoa xo‘jaligi ishchisi sifatida mehnat qildi. Turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda 11 nafar farzandni Vatan koriga yaraydigan munosib farzandlar qilib tarbiyalab voyaga yetkazdi. Bugungi kunda onaxonning  farzandlari turli sohalarda Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilib, yurt farovonligi uchun o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.

Yurtmizda To‘lg‘anoy ona singari qahramon ayollar qo‘plab topiladi. Ular doimo hurmat va e’tiborda e’zozda. Ayniqsa, butun mamlakatimiz bo‘ylab ko‘tarinki ruhda o‘tkazilayotgan “Keksalar haftaligi”da ularning yillar davomida qilagan mehnatlari, barkamol farzandlarni tarbyalab voyaga yetkazishdagi fidoiyliklari yana bir bor e’tirof etilmoqda.

Yaqinda Amudaryo tumanining Qang‘li ovulida joylashgan 29-sonli umumta’lim maktabda  bo‘lib o‘tgan “Uch avlod uchrashuvi” da To‘lg‘anoy onaning faxriy vatanparvar farzandlarni voyaga yetkazgani, bugungi kunda keksa onaxonning 5 nafar farzandi harbiy sohalarda fidokorona mehnat qilib kelayotganligi sababli onaxon O‘zbekiston “Veteran” jangchi faxriy va nogironlari birlashmasi tomonidan mukofotlandi. Keksa onaxonga “Vafo va sadoqat” medali tantanali tarzda topshirildi.

Bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi xodimlari, Afg‘on urushi qatnashchilari, bir guruh nuroniylar, faol yoshlar ishtirok etishdi.

Onaxon keksalar uchun ko‘rastilayotgan bu kabi e’tibor hech bir mamlakatda topilmasligini, jannatmakon yurtimizda inson qadri har narsadan ustun turishini mamnuniyat bilan ta’kidlab, “Vafo va sadoqat” medaliga munosib ko‘rilgani uchun o‘zining chuqur minnatdorligini bildiridi. Shuningdek, Vatanga xizmat qilish eng oliy saodat ekanligini, hayotda vatanparvar bo‘lib yashash uchun avvalo ona vatanni sevish lozimligini aytib o‘tdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan keksa onaxonning zamondoshlari uning uzoq yillar mobaynida jamoa xo‘jaligida oddiy ishchi sifatida mehnat qilib, turmush o‘rtog‘i bevaqt vafot etgan bo‘lsa ham 11 nafar farzandni halol mehnatlari bilan tarbiyalab, barkamol inson qilib voyaga yetkazganini e’tirof etishdi.

Shuningdek, nuroniylar urush vaqti va undan keyingi tiklanish yillaridagi qiyinchiliklar, xalqning mashaqqatli hayoti, bevaqt olamdan ko‘z yumgan necha minglab mard o‘zbek o‘g‘lonlarining porloq xotiralari yodga olishdi.

Shuningdek, tadbirda Afg‘on urushida ishtirok etgan baynalminal jangchilar ham ishtirok etib, urush dahshatlari, tinchlikning qadri haqida hayotiy hikoyalarini ishtirokchilar bilan baham ko‘rdilar.

Amudaryo tumanidan 13 nafar yigit afg‘on zaminida o‘z xizmat burchlarini ado etishgan. 9 yil-u 2 oy davom etgan bu urushdan omon qaytganlarning biri oyog‘i yo qo‘lini, yana biri yarim jonini begona yurt tuprog‘ini yovdan ozod etish uchun bo‘lgan qaqshatqich jang maydonlariga tashlab qaytdi.

Yoshi ulug‘lar tadbirda ishtirok etayotgan yoshlarga oltindan qimmat nasihatlar, pand-u o‘gitlar berishdi. Yoshlarning kasb-hunar egallashi, yuksak marralarni zabt etishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo ekanligi ta’kidlab, ilm, kasb-hunar sirlarini puxta egallashga da’vat qilishdi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, qahramon bo‘lish uchun faqatgina jang maydonlarida mardonavor jang qilish shart emas. Vatanimiz dovrug‘ini ko‘kalarga ko‘taradigan, turli sohalarda fidoiylarcha mehnat qilib, uning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan yosh avlodni tarbiyalash ham haqiqiy qahramonlikdir.

“Vafo va sadoqat” medali bilan taqdirlangan To‘lg‘anoy ona Dao‘letbayeva ham ana shunday qahramon ayol, fidoyilik, vafo va sadoqat timsolidir.

Amudaryo tumani hokimligining Axborot xizmati