Hokim va yoshlar uchrashuvi: muammolar va takliflar tinglanib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi

Туман янгиликлари

Yoshlar – har qanday jamiyatning ertasi. Ular tom ma’noda, O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi hisoblanadi. Zero, yangi O‘zbekiston yoshlari – kelajagimiz va istiqbolimiz poydevoridir. Bugun yurtimizda ularning zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashlari uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Shuningdek, ularning hayotida uchrayotgan maishiy muammolarini hal qilish, ijobiy yechim topish, taklif va fikrlarini o‘rganish maqsadida muntazam ravishda “hokim va yoshlar” uchrashuvlari o‘tkazilib kelinmoqda. Amudaryo tumanining Choyko‘l ovul fuqarolar yig‘inida bo‘lib o‘tgan tuman hokimining yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi ham ayni shu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, tegishli tashkilot mas’ullari hamda ovul hududida istiqomat qiluvchi 30dan ortiq faol yoshlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev bugungi kunda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirib, ularni yanada g‘ayrat-shijoat bilan olg‘a intilishga, Vatan koriga yaraydigan munosib farzand bo‘lishga da’vat qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 avgust kungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnalogiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari” to‘g‘risidagi farmonining mazmun-mohiyati haqida batafsil tushintirishlar berib o‘tdi.

Qayd etilganidek, yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali 7 yil muddatga qarz mablag‘lari taqdim etiladi. Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 2022 yil yakuniga qadar qo‘shimcha ravishda 200 mlrd. so‘m kredit resurslari ajratiladi.

Shu bilan birga, faqat qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha qabul kvotalari ajratilgani yoshlar uchun katta imkoniyatdir. Bu yoshlarimizning oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olib, zamon talablariga mos kadrlar bo‘lib yetishishiga imkoniyat yaratadi.

Yig‘ilishda tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov yoshlarning hech bir murojaatlari e’tibordan chetda qolmasligini, tadbirkorlik qilib, oilasiga qo‘shimcha daromad keltirishni istovchi yoshlarga hokim yordamchilari tomonidan amaliy yordamlar ko‘rsatilib kelinayotganini aytib o‘tdi.

Uchrashuv davomida ovul yoshlaridan ta’lim sohasi bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushdi. Jumladan, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab berilishi bo‘yicha qilingan murojaat hamda qizlarga kontrakt to‘lovini to‘lashi uchun 7 yil muddatga ajratiladigan foizsiz kredit ajratilishi masalasida murojaat egalariga huquqiy tushuntirishlar berilib, bu boradagi tartib-taomillar haqida axborot berildi.

Uchrashuv davomida yoshlarning murojaatlari bilan birgalikda takliflari ham tinglandi hamda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan tuman hokimiga murojaat qilib, tegishli javoblar olishdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati