“Keksalar haftaligi” doirasida sport musobaqalari o‘tkazildi

Туман янгиликлари

“Keksalar haftaligi” – deb nomlangan ijtimoiy-ma’rifiy loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan butun mamlakatimiz bo‘ylab har yili muntazam ravishda o‘tkazilmoqda.

Jumladan, Amudaryo tumanining har bir mahallasida ham keksalar ishtirokida turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, tarixiy maskanlarga sayohatlar tashkil etildi. Undan tashqari, haftalik doirasida yoshi ulug‘ nuroniylar holidan xabar olinib, chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Haftalik doirasida keksalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan sport musobaqalari esa ularning yanada sog‘lom va bardam bo‘lishlarida muhim vosita bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Mana shunday sport musoboqalaridan yana biri 8 oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. Keksalarimiz dastlab “Salomatlik uchun 5000 qadam” loyihasi doirasida piyoda yurish mashqini bajardilar.

Muntazam ravishda piyoda yurish — qon bosimini me’yorlashtiradi, kayfiyatni va organizmning umumiy holatini yaxshilaydi. Bundan tashqari, qondagi xolesterin miqdorini me’yorlashtiradi.

Ilmiy tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, aynan piyoda yurish umrni uzaytiruvchi mashg‘ulot hisoblanib, olimlar haftasiga kamida 5 marta, kuniga 30 daqiqa piyoda yurishni tavsiya qiladi.

Olimlar 8 ming 946 nafar bemor bilan bog‘liq 48 ta ilmiy ishni ko‘rib chiqqach, haftasiga 3 marta 30 daqiqa davomida me’yoriy jismoniy harakat bilan shug‘ullanish yurak-qon tomir kasalliklari natijasida kelib chiqadigan o‘lim xavfini 26 foizga, boshqa barcha xastaliklar oqibatidagi o‘lim holatlarini 20 foizga kamaytiradi, degan xulosaga kelgan. Ayniqsa, keksa yoshdagi odamlar uchun jismoniy faollik, xususan piyoda yurish nihoyatda foydali hisoblanadi.

Nuroniylar 5 ming qadam yurishib, Yangiobod mahallasi hududidagi sun’iy qoplamali sport maydonchasiga bordilar. Bu yerda ular ertalabki badantarbiya mashqlarini bajarishdi.

Mashqlar avvalida katta yoshli aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzining ahamiyati, aholi keng qatlamlari, ayniqsa nuroniylarni jismoniy tarbiya va sportga kengroq jalb etish, ertalabki badantarbiya va toza havoda sayr qilishning sog‘lik uchun foydali jihatlarini haqida ma’lumotlar berildi. Nuroniylar qo‘l, oyoq va tananing boshqa a’zolari uchun alohida jismoniy mashqlarni bajarib, badantarbiyadan keyin o‘zlarini yanada tetik his qildilar.

Mashqlar yakuniga yetgach keksalar o‘rtasida futbol musobaqasi o‘tkazildi. Qizg‘in tarzda davom etgan sport musobaqasini tajribali hakamlar boshqarib bordi.

“Keksalar haftaligi” doirasida o‘tkazilgan sport musobaqalarida yoshi ulug‘ onaxonalar hamda o‘rta yoshli ayollar ham faol ishtirok etishdi. Ular uchun voleybol musobaqasi tashkil etildi. Musobaqa shiddatli va murosasiz kechdi. Oilada, ishda umuman har sohada chaqqon ayollar sport sohasida ham uddaburon ekanligini amalda namoyish etishdi.

Shuningdek, keksalar o‘rtasida sportning shashka va shaxmat turlari bo‘yicha ham musobaqalar o‘tkazildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra shashka bo‘yicha Toshyop ovulida istiqomat qiluvchi otaxon Sabirboy Babatayev birinchi o‘rinni, O‘rta qal’a ovulida istiqomat qiluvchi Rajab Saparov ikkinchi o‘rinni, Uyshin mahallasida yashovchi Mahsud Abduraimov uchinchi o‘rinni egalladi.

Undan tashqari, keksalar o‘rtasida sportning turnikda tortinish turi bo‘yicha ham musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Unda Qizilcholi mahallasining faol nuroniysi Jumaboy Matafayev faxrli birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ikkinchi o‘ringa Bo‘z yoplik Qo‘chqorboy Rajabov munosib deb topildi. Uchinchi o‘rin esa Beruniy mahallasining faol nuroniysi Sobir Baltayevga nasib qildi.

“Keksalar haftaligi” doirasida sportning stol tennisi va Workout turlari bo‘yicha ham musobaqalar tashkil etildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, stol tennisi bo‘yicha Oybek mahallasida yashovchi Jumaboy Yavkashev mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Do‘rman ovulida yashovchi Marat Sattarov ikkinchi o‘rinni egalladi. Uchinchi o‘rin Qipchoq ovulida yoshovchi Yo‘ldosh Narbayevga nasib qildi.

Shaxmat musobaqasi uzoq davom etdi. Bir biriga munosib raqiblar ishtirok etgan murosasiz jangda Qizilcholi mahallasi nomidan qatnashgan otaxonlar g‘oliblikni qo‘ldan berishmadi. Shaxmat bo‘yicha birinchi o‘rinni Mamatsoliy Matyakubov egalladi. Ikkinchi o‘rin Charsham Matapayevga nasib qildi. Uchinchi o‘rinni esa Jumaboy Matafayev egalladi.

Shaxmat musobaqasida Ko‘zi ojizlar jamiyati tuman bo‘linmasi a’zolari ham faol ishtirok etishdi.

Sport musobaqalari davomida nuroniylar uchun yengil tushlik tashkil etildi. Ular o‘z vaqtida hordiq olib, yana sport musobaqalariga kirishib ketishdi.

Musobaqa yakunida g‘olib bo‘lgan barcha ishtirokchilar tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limining qimmatbaho sovg‘alari va diplomlari bilan taqdirlandi.

Musobaqlar yakuniga yetgach, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i maslahatchisi, “Mahalla” hayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi raisi Bahadir Balatabayev hamda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi qoshidagi “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari Bekmon ota Allaberganovlar tuman tibbiyot birlashmasida davolanayotgan 3 nafar nuroniyning holidan xabar olishdi. Ularning tezroq oyoqqa turib, sog‘ayib ketishini tilab duolar qilishdi.

“Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida o‘tkazilgan “Keksalar haftaligi” nuroniylarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning ifodasidir. Shunday ekan, xonadonlarimiz fayzi va farishtasi bo‘lgan keksalarni hamisha e’zozlab, ularga hurmat bajo keltirish har birimiz uchun ham qarz, ham farzdir.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.