Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yo‘ldashev va bir qator tuman faollari xalqaro tashkilotning esdalik nishonlari bilan taqdirlandi

Туман янгиликлари

12 oktabr kuni Amudaryo tumaniga “Amir Temur” xalqaro xayriya jamoat fondi ijrochi direktori, fondning Namangan viloyati muassasasi raisi Sohiba A’zamova boshchiligidagi bir guruh jamoat tashkiloti vakillari tashrif buyurdi.

Amudaryo tumani hokimligida jamoat tashkilotlari mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev va bir guruh nuroniylar, turli sohalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev so‘zga chiqib, mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, ularning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, xususan Amudaryo tumani aholisi hayotida o‘z aksini topayotgani, xalqimiz turmush sifati kun sayin yaxshilanayotgani haqida gapirdi.

“Amir Temur” xalqaro xayriya jamoat fondi ijrochi direktori Sohiba A’zamova o‘z nutqida Qoraqalpog‘istonda keyingi yillarda amalga oshirilgan qurilish va bunyodkorlik ishlari, iqtisodiyot rivojiga amudaryoliklarning qo‘shayotgan hissasi haqida to‘xtalib o‘tdi. Jamiyat taraqqiyoti va xalq farovonligiga davlat organlari, xususiy sektor qatorida nodavlat notijorat tashkilotlari ham faol hissa qo‘shib kelayotgani qayd etildi.

Xususan, buyuk davlat arbobi Amir Temurning ijtimoiy-siyosiy merosini, madaniyat va ma’naviyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini chuqur o‘rganish, yosh avlodda milliy iftixor va mustaqil Vatanimiz o‘tmishiga hurmat, kelajagiga ishonch tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida tashkil qilingan “Amir Temur” xalqaro xayriya jamoat fondi ham bu borada izchil ishlarni amalga oshirib kelayotgani e’tirof etildi.

Taniqli davlat arbobi va sarkarda Amir Temurning jahon madaniyati tarixiga qo‘shgan hissasini o‘rganish va targ‘ib qilish, uning nomi bilan bog‘liq nodir me’moriy yodgorliklarni tiklash, ta’mirlash va asrashga yordam berish, shu ishlarga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyilarni rag‘batlantirish maqsadida “Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi” esdalik nishoni ta’sis etilgan.

Tadbirda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama komil insonlar qilib tarbiyalash ishlariga qo‘shayotgan hissasi uchun tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev “Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi” esdalik nishoni bilan mukofotlandi.

Shuningdek, fond ijrochi direktori Ichki ishlar organlari faxriysi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Amudaryo tumanidagi xalq qabulxonasi mudiri Erkin Rajabovga ham “Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi” esdalik nishonini tantanali ravishda topshirdi.

Fond tomonidan, shuningdek “Berdaq Qarg‘abay uli” xalqaro esdalik nishoni ham ta’sis etilgan. O‘zbek va qoraqalpoq xalqlari orasidagi azaliy do‘stlik va birodarlik rishtalarini mustahkamlashga, qoraqalpoq adabiyotini yanada rivojlantirish va yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish ishlariga hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz ushbu esdalik nishoni bilan taqdirlanadi.

Amudaryo tumani tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyi rahbari, ta’lim faxriysi Shavkat Charshamov, Amudaryo tumani “Nuroniylar” jamoatchilik Kengashi raisining o‘rinbosari Bekman ota Allaberganov, tadbirkor Shuhrat Matkarimovlar ham ushbu esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Biz ham o‘z navbatida mukofot sohiblarini qutlab, ularning Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi, davlat va jamiyat ravnaqi hamda yosh avlod kamoloti yo‘lidagi faoliyatida omad va zafarlar yor bo‘lishini tilaymiz.

Tuman hokimligining axborot xizmati.