UMUMIY O‘RTA TA’LIM MAKTABI O‘QUVCHILARI O‘RTASIDA FAN OLIMPIADASINING TUMAN BOSQICHI O‘TKAZILMOQDA

Туман янгиликлари

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq har yili umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalari o‘tkazilib kelinadi. Joriy yilda ham tuman Xalq ta’limi bo‘limi tomonidan fan olimpiadalarini tashkil etish va o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Olimpiadaning tuman bosqichini o‘tkazish uchun tumandagi 40-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosida o‘quvchilar uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratildi.

Jumladan, fanlar olimpiadasi o‘tkaziladigan sinfxonalar tegishli tartibda zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Muassasada har bir fan uchun alohida ko‘rsatkichlar sinfxona eshiklari va yo‘laklar bo‘yicha taqsimlanib, tartib-intizomni saqlash maqsadida navbatchilik tashkil qilindi.

12 oktabr kuni fan olimpiadalarining tuman bosqichiga start berildi. Shu kuni 40-sonli umumta’lim maktabi binosida 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida matematika, ona tili va adabiyot, shuningdek, o‘zbek tili fanlaridan olimpiadaning tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tumandagi barcha maktablarning 9-11 sinf o‘quvchilari qatnashib, ustozlari va ota-onalari ishonchini oqlashga harakat qildilar. Har bir fan uchun ajratilgan sinfxonada o‘quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratib berildi.

 16 oktabrga qadar davom etadigan fan olimpiadalarining tuman bosqichida yuqorida ko‘rsatilgan fanlardan tashqari informatika va axborot texnologiyalari, biologiya, kimyo, fizika, tarix, geografiya, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti, tojik tili, ingliz tili, fransuz tili, qozoq tili fanlaridan olimpiadalar bo‘lib o‘tadi.

5 kun davom etadigan ushbu jarayonda o‘quvchilaring xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlari nazoraga olinib, ularning kelib-ketish xarajatlari to‘liq qoplanadi.

Fan olimpiadalarining tuman bosqichi nihoyasiga yetgach, natijalar hay’at a’olari tomonidan umumlashtirilib Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga taqdim etiladi.

Shuningdek, olimpiada natijalaridan norozi bo‘lgan o‘quvchilar belgilangan tartibda natija e’lon qilingan kunning o‘zida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishlari mumkin.

Fan olimpiadalari mamlakatimiz bo‘ylab 4 bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich maktablar miqyosida sentyabr oyida, ikkinchi bosqich tumanlar miqyosida oktabr oyida, uchinchi bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahri miqyosida noyabr oyida hamda yakuniy bosqich Respublika miqyosida barcha fanlardan aprel-may oylarida bo‘lib o‘tadi. Olimpiadaning uchinchi bosqichida, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat yoki Toshkent shahri miqyosida 1-o‘rinni egallagan o‘quvchilar bazaviy hisoblash miqdorining 6 barobari, 2-o‘rin sohiblari 4 barobari, 3-o‘rin egalari esa 3 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Shuningdek, to‘rtinchi bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilarga Vazirlik tomonidan ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi elektron sertifikatlar beriladi hamda uning alohida elektron reyestri yuritiladi.

Olimpiadaning tuman bosqichida qatnashayotgan barcha o‘quvchilarga omad tilab, keyingi bosqichlarda ham tumanimiz sharafini munosib himoya qilgan holda yuqori o‘rinlarni egallashilariga tilakdoshmiz.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.