“ZULFIYAXONIM QIZLARI” KO‘RIK-TANLOVINING AMUDARYO TUMAN BOSQICHI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda ta’sis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti barkamol, oqila xotin-qizlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xotin-qizlarning adabiyot, san’at, sport, fan va madaniyatni rivojlantirishdagi yutuqlari, ibratli faoliyati, keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida har yili ushbu mukofotga munosib ko‘rilgan nomzodlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanishi an’anaga aylangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 martdagi tegishli Farmoniga muvofiq, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoniga o‘zgartirishlar kiritilib, endilikda har bir viloyat va Qoraqalpog‘iston Respublikasidan ikki nafardan, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli qizlar 7 ta yo‘nalishda ushbu mukofot sohibasi bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritishdi.

Joriy yilning 11 oktabr sanasida Amudaryo tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi, Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limi hamkorligida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Zulfiyaxonim qizlari” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

9-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi binosida bo‘lib o‘tgan tadbirda tanlov Nizomida belgilangan 7 ta yo‘nalish bo‘yicha tumandagi umumta’lim maktablarida ta’lim olayotgan iqtidorli o‘quvchi-qizlar, amudaryolik turli oliy ta’lim muassasalari talabalari, o‘z mehnat faoliyati bilan yuqori natijalarga erishayotgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli qizlar ishtirok etdilar.

Avvalo, shuni alohida e’tirof etish kerakki, tanlov ishtirokchilarining o‘z iqtidorlarini amalda namoyon etishlari uchun erkinlik va xolislik muhiti yaratildi. Tanlovning adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha ishtirokchilarning hujjatlari O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoira Robiya Yo‘ldosheva raisligidagi hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan sinchiklab o‘rganilib, nomzodlarning bilim va qobiliyatlari sinovdan o‘tkazildi.

Ayniqsa, bir necha she’riy to‘plamlarda ijod namunalari chop etilgan iqtidorli va umidli shoira qizlar – 40-sonli maktab o‘quvchisi Nafisa Hamroyeva, 20-sonli maktab o‘quvchisi Munisa Tojiboyeva, 3-sonli maktab o‘quvchilari Muhabbat O‘rinbosarova, Navbahor Sarsenboyeva, 35-sonli maktabning iqtidorli o‘quvchisi Barno Samandarovalar o‘zlarining zukko, bilimdon va intiluvchanliklarini, namoyon etdilar.

Ko‘rik-tanlov davomida Robiya Yo‘ldosheva ijodkor va iqtidorli qizlarga “Zulfiyaxonim qizlari” ko‘rik-tanlovining Nizomi va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar haqida zarur tushunchalar berdi.

Tanlov jarayonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida yo‘nalishlar bo‘yicha tuzilgan hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchi qizlar bilan bevosita suhbatlar olib borilib, munosib nomzodlar tanlab olindi.

Shuningdek, Amudaryo tumani Xalq ta’limi bo‘limining bolalarni ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bo‘lim uslubchisi Tatyana Pirlepesova ta’lim va jamoatchilik, san’at, sport yo‘nalishlari bo‘yicha ishtirokchi qizlar tomonidan taqdim qilingan hujjatlar taxlamlarini tayyorlashga o‘ta mas’uliyat va madaniyatlilik bilan yondashgan ishtirokchilarning nomlarini alohida tilga olib, ularning kelajagiga katta ishonch va umid bildirdi.

Ko‘rik-tanlov yakunida eng namunali, ibratli xulq-atvori, bilim va salohiyati bilan keng jamoatchilik orasida hurmat-e’tibor qozongan, erishgan yutuqlari yuqori tashkilotlar va xalqaro tanlov va anjumanlarda e’tirof etilgan ishtirokchilarga Amudaryo tuman xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tashakkurnomalar taqdim etildi. Ko‘rik-tanlov Nizomi talablariga ko‘ra, munosib nomzodlarga tanlovning keyingi bosqichiga yo‘llanmalar berildi.

Risolat IBRAGIMOVA, 42-sonli maktabning ijodiy-madaniy ishlar bo‘yicha targ‘ibotchisi