15 oktabr − Xalqaro qishloq ayollari kuni

Туман янгиликлари

Mehnatdan baxt topgan qishloq ayoli

Bugun mamlakatimizda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘z aql-zakovati, mehnati bilan jamiyat rivojiga hissa qo‘shmoqda. Quvonarlisi, boshqa sohalar qatori qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritib, fermerlik bilan shug‘ullanayotgan ayollar ham ko‘plab topiladi. Amudaryo tumani markazidan ancha olisda joylashgan Nazarxan ovulida istiqomat qiluvchi Qizlargul Do‘simbetova ham yurtimiz forovonligiga, aholi dasturxonlarining to‘kinligiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan fermer ayollardan biri.

1984 yilda Nukus tumanidan Amudaryo tumanining Nazarxan ovuliga kelin bo‘lib tushgan mehnatkash ayol 2002 yilda o‘zining fermerlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Umr yo‘ldoshi Qazaqbay Bekpo‘latov bilan birgalikda 3 o‘g‘il va bir qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Ikki nafar o‘g‘lini qishloq xo‘jaligi institutida o‘qitib, ularga ham o‘zidagi bor bilim va tajribani o‘rgatib kelmoqda.

Tadbirkor ayol bugungi kun fermerlari ko‘p tarmoqli bo‘lishi zarur degan tamoyilga rioya qilgan holda fermer xo‘jaligi dalalarida paxta, g‘alla, poliz ekinlarini yetishtirishdan tashqari 2 bosh zotdor sigir, 300dan ortiq parranda hamda asalarilar boqayapti. Qizlargul Do‘simbetovaning kelinlari har kuni ertalab sigirlaridan 50 litr sut sog‘ib olib, Nukus shahriga jo‘natadi.

Shuningdek, fermer o‘z mahallasidagi yoshlarning bandligini ta’minlashga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda. Muhtaram Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq mahalladagi 4 nafar ishsiz yoshlarga 25 sotixdan yer ajratib berildi.

Qizlargul Do‘simbetova yoshlarga ekin ekish, parvarishlash hamda vaqtida yig‘ib-terib olish bo‘yicha o‘zining maslahtlarini berib, beminnat yordamlar ko‘rsatib kelmoqda. Undan tashqari, sahovatpesha fermer mahallasidagi ishsiz yoshlardan biri Jamshidbek Yo‘ldoshevga bir bosh sigir berdi.

Bugungi kunda Qizlargul Do‘simbetovaning fermer xo‘jaligidagi 61 gektar yer maydonlarida paxta, g‘alla, shuningdek qishloq xo‘jaligining boshqa mahsulotlari yetishtirilib, aholi bandligiga va mamlakat iqtisodiyoti barqarorligiga hissa qo‘shilmoqda.

2021 yilda fermer ayolning mashaqqatli mehnatlari e’tirof etilib, “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

13 oktabr kuni fermerning Toshkent shahrida 15 oktabr − “Xalqaro qishloq ayollari kuni” munosabati bilan “Qishloq hududlarida ayollar tadbirkorligini rivojlantirish istiqbollari va aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi ishtiroki” mavzusida o‘tkazilgan Respublika forumiga taklif etilgani yana bir quvonchli voqea bo‘ldi.

Barchaga ayonki, qishloq ayollarining mehnati shahar ayollarinikidan ancha og‘irroq. Hatto, eng rivojlangan mamlakatlarda ham ular ishdan bo‘sh vaqtlarida o‘z tomorqalarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishitirib, aholi farovonligiga va iqtisodiyot rivojiga o‘z hissalarini qo‘shib kelishgan.

Qizlargul Do‘simbetova ham nafaqada bo‘lishiga qaramasdan har bir kunini dala boshida, terimchilar bilan birgalikda o‘tkazadi. Bu bilan ham cheklanib qolmasdan, jamoat ishlarida ham hamisha faol. Mahallasida tashkil etilgan “Oqila ayollar” harakati a’zosi. Mahallaning xotin-qizlar faoli Guljahon Ibragimova bilan birgalikda mahallalardagi notinch oilalar bilan suhbatlashib, ajrimlarning oldini olish ishlariga hissa qo‘shib kelmoqda.

Tinib tinchimas fermer ayol dangasalik va erinchoqlik insonga ma’naviy va iqtisodiy cheklovlar qo‘yib, hayotida muammolar ko‘payishiga olib keladi deb hisoblaydi, mehnat hamisha insonni ulug‘lashiga, halol mehnat qilib, elga naf keltirgan kishi hech qachon kam bo‘lmasligiga ishonadi.

20 yildan ortiq vaqt mobaynida fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan ayol barchani mehnatsevar bo‘lib yashashga, ayniqsa yoshlarni bugungi yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqiradi.

Ha, chindan ham, haqiqiy baxt – oilang xotirjamligi, mehantlaring rohatini ko‘rib yashashdir. Biz ham Qizlargul Do‘simbetova singari barcha mehnatkash ayollarimizni 15 oktabr − “Xalqaro qishloq ayollari kuni” bilan tabriklaymiz!

Tuman hokimligining Axborot xizmati.