BЕSHTOM MAHALLASI AHOLISI UCHUN ASOSIY OZIQ-OVQAT VA QISHLOQ XO‘JALIGI MAHSULOTLARI YARMARKASI TASHKIL ETILDI

Туман янгиликлари

Yurtimizda bugungi kunda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar odamlarga munosib turmush sharoitlari yaratishga, ularning baxtiyor, obod va farovon yashashiga xizmat qilmoqda. Shu maqsadda eng chekka hududlarda ham shaharlardagidan kam bo‘lmagan sharoitlarga ega maktabgacha ta’lim, o‘rta ta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari faoliyat yuritmoqda. Hududlarda qator infrutuzilma ob’ektlari qad rostlagan, ko‘chalar ravon. Ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi aholiga ijtimoiy tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Amudaryo tumani prokuraturasi, Bosh Prokuratura huzuridagi Departamentning tuman bo‘limi xodimlari aholining turmushi farovonligini, sifatini oshirishga, yangi ish o‘rinlari yaratib, bandligini ta’minlashga, doimiy daromad manbaiga ega yurtdoshlarimiz safi oshishiga hissa qo‘shib kelmoqdalar.

Shu yilning 12 oktabrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi Departamentning tuman bo‘limi tashabbusi bilan “Mang‘it dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda tumanimizning chekka hududlaridan hisoblangan Beshtom mahallasining Xo‘jako‘l aholi punktida savdo yarmarkasini o‘tkazgani hudud aholisi uchun quvonarli voqea bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, ushbu hududda Amudaryo suvining keskin pasayib ketishi oqibatida barpo etilgan bog‘lar, manzarali daraxtlar qurib, tomorqalarda ro‘zg‘orbop ekinlar ekish va mahsulot yetishtirish qiyin bo‘lib qoldi. Shuning uchun ular kundalik ehtiyoj uchun sabzavot, meva, poliz mahsulotlarini Qipchoq, Mang‘it dehqon bozorlaridan olib ketishadi va buning uchun ancha vaqt, yo‘l uchun ham mablag‘ sarflashadi.

Mahalla aholisi uchun keng assortimentdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, meva, poliz ekinlari, sabzavotlar savdosi yo‘lga qo‘yilgani buningdek ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qildi.

Avvalroq xabardor qilingan aholi asosiy oziq-ovqat, qishloq xo‘jalik mahsulotlari ortilgan mashinalarning yetib kelishini, vaqtinchalik rastalarga mahsulotlarning joylashtirilishi kutib, o‘zlarining ehtiyojiga yarasha oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qildilar.

- Tashkilotchilarga ming rahmat, dehqon bozorida nima mahsulot bo‘lsa, ko‘rgazmada ham hammasidan bor, - deydi nevarasi bilan savdo qilishga kelgan mahalla keksalaridan biri.

Qoratov etagida, yaydoq qip-qizil adir bag‘rida joylashgan Beshtom mahallasining Xo‘jako‘l aholi punktida tashkil etilgan ushbu oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi mahalla hayotini o‘zgartira olmasa ham, aholiga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi, yurtimizda hech kim e’tibordan chetda qolmasligiga ishonchini mustahkamladi.

Oygul RAJABOVA.