SUV TЕJOVCHI TЕXNOLOGIYALARNI QO‘LLASHGA OID KO‘RGAZMALI SЕMINAR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi yerlarining samaradorligini oshirishda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishga, suv taqchilligi sharoitida ham ko‘zlanganiday hosil olishga e’tibor kuchaymoqda. Ma’lumki odatda sug‘oriladigan maydonlarga suv yetkazib berish va ta’minlashda ancha yo‘qotishlar sodir bo‘lar edi. Chunki, suv yetkazib beruvchi tarmoqlarning aksar qismi beton qoplamaga ega emas. Shu boisdan ham qishloq xo‘jaligi ekinlari ekiladigan maydonlarda an’naviy sug‘orish usulidan voz kechib, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish bugungi kunning talabidir.

Butun respublikamizda bo‘lgani kabi ushbu texnologiyalar Amudaryo tumani qishloq xo‘jaligiga ham keng joriy etilmoqda. O‘tgan yili jami 3800 gektar ekin maydoni ana shunday usulda sug‘orildi. Shundan 3730 gektari tomchilatib sug‘orish, 30 gektari yomg‘irlatib sug‘orish, 40 gektari esa diskret sug‘orish texnologiyalari asosida sug‘orildi.

Joriy qishloq xo‘jalik yilida jami 2630 gektar ekin maydonida, shundan 2340 gektarida tomchilatib, 250 gektarida yomg‘irlatib, 40 gektarida diskretli sug‘orish tizimidan foydalanildi.

Bunda suv isrof bo‘lishining oldi oldinishi dehqonlar uchun ayni muddao bo‘layotir. Shuningdek, an’anaviy sug‘orish usulidagidan ekinlar hosildorligi sezilarli olmoqda. 145 gektar g‘alla maydonlarini yomg‘irlatib sug‘orish ishlari bank krediti mablag‘i hisobiga moliyalashtirildi.

13 oktabr kuni Amudaryo tumanining To‘lqin ovulidagi 2023 yil hosili uchun ekilgan g‘alla maydonida tuman Irrigatsiya bo‘limi tashabbusi bilan g‘alla maydonini egaluvchan quvurlar yordamida sug‘orishni joriy etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman qishloq xo‘jaligiga mas’ullari, fermer xo‘jaliklar rahbarlari, g‘allachilik klasterlari rahbarlari ishtirok etdilar.

Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ullari, Amudaryo tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Islom Matkarimov va egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish texnologiyasini ishlab chiqaruvchi “GREN BELT FERGANA” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasi xodimi Sanjar Muxtarovlar tomonidan g‘alla maydonlarida hamda boshqa ekin maydonlarda egiluvchan quvurlar orqali sug‘orishning afzalliklari batafsil tushuntirildi.

Shunisi e’tiborliki, 2023 qishloq xo‘jalik yilida suv tejaydigan texnologiyalar yordamida sug‘oriladigan ekin maydonlari 3240 gektarga yetkaziladi. Shundan 1900 gektar paxta, 175 gektar bog‘, 200 gektar uzumzor, 600 gektar boshqa ekinlar tomchilatib, 190 gektar g‘alla maydonlari, 10 gektar sabzavot, 5 gektar ozuqabop ekinlar yomg‘irlatib, 150 gektar ekin maydonlari diskretli sug‘orish texnologiyasi orqali, 800 gektari esa egiluvchan quvurlar orqali sug‘orilishi rejashtirilgan.

Aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 mart kungi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratilishi belgilangan.

Tadbirda shu haqda ham batafsil ma’lumotlar berildi va ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar berildi.

Oygul RAJABOVA.