Yoshlar muammolari tuman hokimining doimiy e’tiborida

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iste’dod va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, yoshlarning muammolari tegishli korxona, tashkilot mutasaddilari tomonidan joyida hal qilinib, murojaat egalariga amaliy yordamlar ko‘rsatilib kelinmoqda. Bu boradagi ishlarni tashkil etishda muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan “Hokim va yoshlar uchrashuvlari” muhim ahamiyat kasb etmoqda.

13 oktabr kuni Amudaryo tumanining Uyshin madaniyat markazida tuman hokimining yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov, hokim o‘rinbosari Mahmud Shermetov hamda tegishli tashkilot mas’ullari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov yurtimizda faol, aniq maqsadiga ega, tadbirli, bilimdon yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyotining yetakchi maqsadiga aylanligini ta’kidlab, bu boradagi tadbirlarni samarali amalga oshirish, har bir yosh bilan alohida ishlab, ularning muammolariga yechim topish, katta hayotga dadil qadam qo‘yishlarida qanot bo‘lishini aytib o‘tdi.

Shundan so‘ng, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 avgust kungi “Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida yaratilayotgan yengilliklar, shuningdek, oliy ta’lim muassasalariga qabul uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng, yoshlarning taklif va muammolaridan iborat murojaatlari tinglandi. Uyshin mahallasida istiqomat qiluvchi yoshlardan biri Nabijon Jumamuratov hamda Matluba Yangiboyeva kontrakt to‘lovi qoplab berilishi bo‘yicha murojaat qildilar. Murojaat egalarining oilaviy sharoitlari shu yering o‘zida o‘rganib chiqilib, muammo ijobiy hal qilinadigan bo‘ldi.

Undan tashqari, mahallaning faol yoshlaridan Dildora Tileumuratova tikuvchilik kasbining sir-asrorlarini qunt bilan o‘rganganligini, bugungi kunda bir nechta shogirdlari borligini, ammo tikuvchilik sexi ochish uchun aholi zich tarzda joylashgan yerdan qulay bino topa olmayotganligini aytib, tuman hokimiga murojaat qildi. Ushbu murojaat ham joyida o‘rganib chiqilib ijobiy hal qilinadigan bo‘ldi.

Hozirgi kunda yoshlarga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning o‘zi davlat tashkilotlari oldiga yangi-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Zero, oldimizga qo‘yilayotgan vazifalar zamirida elu yurtimizning tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlash, xalqimiz, xususan, qishloqlarda istiqomat qiluvchi yoshlarning bandligini ta’minlash, hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlodni tarbiyalashdek ezgu niyatlar mujassam.

Tuman hokimligining Axborot xizmati