TUMAN FAVQULODDA VAZIYATLAR BO‘LIMINING KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORLIK YUZASIDAN O‘QUV MASHQI MASHG‘ULOTLARI O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Kuz-qish mavsumi oldidan turli favqulodda hodisalarning oldini olish, mavsumni betalofat o‘tkazishga doir chora-tadbirlar ko‘riladi. Bu yil ham qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining «Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini 2022/2023 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta’minlash to‘g‘risida»gi qarori, shunga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining hamda tuman hokimining tegishli qarorlari qabul qilindi. Mazkur qarorlar bilan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha isitish mavsumi barqaror o‘tishini ta’minlashga doir aniq vazifalar belgilab berildi.

Shu yil 14 oktabr kuni ushbu qarorlar ijrosini ta’minlash hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, betalofat o‘tkazishga jalb etiladigan kuch va vositalarning tayyorgarlik holatini tekshirish maqsadida Amudaryo tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan o‘quv mashqi mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Mashg‘ulotlar davomida tegishli texnika va boshqa kuch-vositalarning favqulodda vaziyatlarda harakatlanishga tayyorligi sinab ko‘rildi. Shuningdek, aholiga elektr energiyasi, issiqlik ta’minoti kabilardan foydalanish jarayonida xavfsizlik qoidalariga rioya etilishini ta’minlashga doir tushunchalar berishga alohida e’tibor qaratildi.

Ma’lumki, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh tomonidan is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida o‘rganish ishlari o‘tkazilib, aholi xonadonlaridagi isitish qozonlari va dudburonlardagi nosozliklar bartaraf etilib borilmoqda. Ushbu jarayonlarda tumandagi mavjud 55 ta ko‘p kvartirali uy-joylardagi 712 ta xonadondan shu kunga qadar 39 ta ko‘p kvartirali uylarning 513 ta xonadonidagi yong‘in xavfsizligi holati tekshirildi.

Tekshirishlar davomida 350 ta xonadonning isitish qozonidagi dudburonlar tozalandi, 4 ta ko‘p kvartirali uylardagi 28 ta xonadonning dudburonlari izolyatsiyalandi. Shuningdek, 2 ta ko‘p kvartirali uylardagi 16 ta kvartiraning shamollatish kanallari tozalanib, 21 ta ko‘p qavatli uylarning tom qismi tekshirildi.

Undan tashqari, 36 ming 13 ta aholi uylaridan 5307 tasida yong‘in xavfsizligi holati tekshirilib, 458 tasi xonadonning isitish qozonidagi dudburonlar tozalandi. Shu bilan birga tumandagi 234 ta ijtimoiy soha ob’ektlaridan 120 tasi to‘lig‘i bilan tekshirilib, is gazi va yong‘indan zararlanishning oldini olishga doir tushunchalar berildi.

Statistika ma’lumotlarga ko‘ra, respublikada so‘nggi uch yil ichida kuzgi-qishki isitish mavsumida sodir bulayotgan favqulodda vaziyatlarning aksariyati is gazidan zaharlanish holatlari bilan bog‘liq bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, is gazidan zaharlanish va yong‘in holatlarining aksariyati fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilg‘i, ya’ni ko‘mir, o‘tin kabi yonuvchi ashyolardan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik, nostandart, ya’ni qo‘lbola yasalgan yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish, isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish kabilardan kelib chiqqan.

Shuningdek, gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlarini dam olish xonalariga olib kirish, havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov, ko‘mir va o‘tin cho‘g‘laridan foydalanish, havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib, to‘sib qo‘yish kabi holatlar ham yong‘inlarga sabab bo‘lgan.

O‘quv mashqi mashg‘ulotlari davomida fuqarolarga is gazidan zaharlanish holati – isitish uchun foydalanadigan yoqilg‘ining chala yonishi natijasida kelib chiqishi, bunday holatlarning kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishlari kerakligi keng tushuntirildi. Shuningdek, bunday favqulodda hodisa yuz berganida 101,10 50 – yong‘in qutqaruv, 102 – IIB, 103 – tibbiy yordam, 104 – gaz avariya dispetcherlik xizmatlariga xabar berish kerakligi ma’lum qilindi.

 Mashg‘ulotlar yakunida favqulodda vaziyatlarda harakatlanuvchi kuch va vositalar 2022-23 yilgi kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazishga, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olishga va sodir bo‘lganda oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalda bajarishga tayyor deb baholandi.

H.Matyakubov, tuman FVB boshlig‘i.