"Ayollar daftari"ga kiritilgan ayollarning bandligi ta'minlanmoqda

Туман янгиликлари

Bugungi kunda butun dunyoda ayollar huquqlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega yangidan yangi tashabbuslar ilgari surilib kelinmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ham keyingi olti yilda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish borasida erishilgan yutuqlar jahon hamjamiyati tomonidan munosib e’tirof etilib kelinmoqda.

Amudaryo tumanidagi Bog‘ mahallasida ham ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning bandligini ta’minlashga alohida ahamiyat berilmoqda.

Hududda 1908 nafar ayol istiqomat qiladi. Ayollarning hayotida uchrayotgan turli xil maishiy muammolarni hal etishda mahallaning xotin-qizlar faoli Ra’no Abdullayeva mahalla raisi, hokim yordmachisi bilan birgalikda samarali ravishda hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Bugungi kunda mahallada istiqomat qiluvchi 68 nafar ayol “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, ular doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlari bilan daftardan chiqariladi.

Quvonarlisi, ushbu ayolllarning 14 nafarning har biriga 5 mln. so‘m miqdorida imtiyozli ravishda kreditlar ajratildi. Ular o‘z xonadonlarida supurgi tayyorlash bilan shug‘ullanishmoqda. 1 ayol bir kunda 10 dan ortiq supurgi tayyorlab, avvalo ichki bozorlarimizni arzon hom-ashyo bilan ta’minlamoqda. Qolaversa, tayyor mahsulotlar Toshkent shahriga ham yetkazib berilib, Qozog‘iston Respublikasiga esa eksport qilinmoqda.

Ichki bozorlarimizda 1 ta supurgi narxi uning katta-kichikligiga, zich to‘qilganligiga qarab 8 ming so‘mdan 15 ming so‘mgacha sotilyapti.

Shundan ham bilsa bo‘ladiki, 1 nafar hunarmand ayol bir kunda 100 ming. so‘mdan ortiq daromad topib, oilaviy budjetiga o‘z xissasini qo‘shmoqda.

Bog‘ mahallasi qishloq hududi hisoblansa ham, qishloq ayollari o‘tayotgan kunlaridan aslo nolishmaydi. Aksincha, qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini yetishtirish, chorvachilik, hunarmandchilik bilan shug‘illanishga barcha qulayliklar mavjudligini mamnuniyat bilan e’tirof etishadi.

Yaqinda hokim yordamchisi hamda xotin-qizlar faolining ko‘magi bilan “Ayollar daftari” da turuvchi 1 nafar ayolga o‘z tomorqasida issiqxona tashkil etishi uchun 33 mln. so‘m miqdorida subsidiya ajratildi. Shuningdek, “Ayollar daftari”dagi 15 nafar ayolga dehqonchilik qilishlari uchun yer maydonlari ajratilib, bandligi ta’minlandi. Undan tashqari, 8 nafar ayollar tikuvchilik bo‘yicha kasbga o‘qitilmoqda.

Mahallada ayollar salomatligini saqlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yaqinda 400 nafar ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zaruriy dori-darmonlar bilan ta’minlandi.

Mahallaning xotin-qizlar faoli Ra’no Abdullayeva “Oqila ayollar” harakati a’zolari bilan birgalikda oilalarda kelib chiqqan notinchlik va ajrimlarning oldini olish maqsadida doimiy ravishda uchrashuvlar, targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazib keladi.

Shu kunga qadar, mahallada turli sabablar bilan kelib chiqqan oilaviy nizolar o‘rganib chiqilib, ajrim yoqasida turgan 9 ta oila yarashtirildi.

“Oqila ayollar” harakati a’zolari, ko‘cha boshilari mahallada yangidan oila qurgan yoshlar bilan muloqotni samarali tarzda yo‘lga qo‘yishgan.

Yoshi ulug‘ onaxon va otaxonlar yosh oilalarga hayotning turli sinovlarini birdamlikda, hamjihatlikda yengib o‘tish kerakligini hayotiy misollar orqali tushuntirib beradilar.

Bog‘ mahallasida yashovchi ayollar qishloq ayoli bo‘lsalar ham davlat va jamoat tashkilotlarida, xususiy biznes sohasida ishlab, ishidan tashqari o‘z tomorqalarida qishloq xo‘jaligi maxsulo tlarini muntazam ravishda yetishitirib, dasturxonlarimizni sarhil mevalar, poliz mahsulotlari bilan ta’minlashmoqda.

Undan tashqari, ular tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar oilaviy daromadlari yuksalishiga hamda mamlakatimiz iqtisodiyotining gullab-yashnashiga katta hissa bo‘lib qo‘shilmoqda.

15 oktabr − Xalqaro qishloq ayollari kunida qishloq ayollarining mehnatlari, jonkuyarliklari yana bir bor e’tirof etilib, ularga ehtirom ko‘rsatildi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.