TUMAN MADANIYAT BO‘LIMI TOMONIDAN “TIL – MILLAT KO‘ZGUSI” MAVZUSIDA BADIIY-MUSIQIY TADBIR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Barcha xalq va millatlarning asosiy muloqot vositasi bu ularning milliy tili hisoblanadi. Har bir millat tili elining urf-odat, an’ana va madaniyatlarini saqlaydi, shularning va xalq o‘tmishi, tarixining avloddan avlodga o‘tishini ta’minlaydi. Shu bois barcha elatlarning milliy tili o‘z davlatida juda qadrlanadi.

Joriy yil mamlakatimizda ham o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 33 yil to‘ladi. Ma’lumki, 1989 yil 21 oktabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi. Bu haqda Konstitutsiyamizda ham “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir” deb yozib qo‘yilgan. Bu kun yurtimizda cheksiz quvonch va iftixor bilan bayram qilinadi, sana munosabati bilan barcha hududlarda har xil tadbirlar o‘tkazilib, keng nishonlanadi.

20 oktabr kuni Amudaryo tumanidagi Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktabda ham “Til – millat ko‘zgusi” mavzusida badiiy-musiqiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tuman Madaniyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ravshan Xolmurodov, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari Mohira Sobirova, Charosxon Norimbetova, Dilnoza Jumaboyeva, Yulduz Tursunboyeva hamda maktabning boshqa o‘qituvchilari, o‘quvchilar ishtirok etishdi.

Tadbirda dastlab so‘zga chiqqanlar barchani til bayrami bilan qutlab, o‘zbek tilining nechog‘lik boy til ekanligini e’tirof etib, milliy tilimizda ijod qilgan ulug‘ bobokalon allomalarimiz, ularning dunyoga mashhur bo‘lgan ijod namunalari haqida faxr bilan so‘zlab o‘tdilar.

Maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari ona tili — millat g‘ururi, uning eng ulug‘ qadriyati, milliyligimiz, buyuk tariximiz, yuksak ma’naviyatimizning asosi ekanligini, uzoq yillik tarixga ega o‘zbek tilining rivoji ulug‘ bobokalonimiz Alisher Navoiy davrida yana bir pog‘onaga ko‘tarilgani, buyuk shoir va mutafakkir bo‘lgan bu zot turkiy tilni lug‘at boyligi va nafisligi jihatidan boshqa tillardan hech ham kam emasligini o‘zining ko‘plab asarlari orqali isbotlaganini ta’kidlab o‘tdilar.

Shuningdek, boshqada buyuk ijodkorlarning o‘zbek tilining serma’no ekanligini ko‘rsatib beruvchi she’rlaridan namunalar aytib berdilar. Maktabning 5-, 7-, 8-sinf o‘quvchilari ham til, millat, Vatanimizni madh etguvchi she’rlar aytib, faxru-iftixorini namoyon etdilar.

Shundan so‘ng, bayramga bag‘ishlab tayyorlangan musiqiy dastur namoyish etildi. Dastur davomida Drama to‘garak rahbari Mirsaid Qodirov rejissyorligida sahnalashtirilgan, maktabning 6-sinf o‘quvchilari ishtirokidagi adib G‘afur G‘ulomning “Shum bola” asaridan parcha sahna ko‘rinishida havola qilindi. Sahnaga shum bola obrazida chiqqan Javlonbek Olimov, Boy obrazidagi Akobir Abdusamatov ijrosi tomoshabinlarga juda manzur bo‘ldi.

Tadbirga tuman Madaniyat bo‘limi estrada xonandalari,”Uchqun” ansambli badiiy rahbari Anvar Xudoyberganovlar ijrosidagi qo‘shiq va taronalar, 38-sonli maktabning raqs jamoasi ijrosidagi jozibali va dilrabo raqslar yanada fayz kiritdi va barchaga xushnudlik baxsh etdi.

O.Xudoyberganova.