83-sonli maktabda O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tadbirlar o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Til – millat ko‘zgusi. Har qanday millatning hayoti uning ona tilida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Sobiq ittifoq davrida xalqimizning huquq va  sha’ni, erki toptalgani ona tilimizga qilingan kamsitishlarda ham aks etgani hali ko‘pchikning yodida: o‘z ona tilimiz naqadar boy, jozibador va aziz bo‘lsa-da, O‘zbekistonda barcha hujjatlar rus tilida yozilar edi.

O‘zligimiz, g‘ururimiz, sha’nimiz hisoblangan  ona tilimizga davlat tili maqomi berilgani xalqimizning mustaqillik sari qo‘ygan ilk qadami bo‘ldi.

1989 yil 21 oktabrda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinishi xalqimizning ko‘p yillik orzulari ro‘yobi bo‘ldi. Chunki Qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etishi bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirishga ham keng imkoniyatlar yaratdi.

O‘tgan davr mobaynida ona tilimiz nufuzi oshdi, globallashuv jarayoniga mos yangi atamalar bilan boyidi. 2020 yil 10 aprelda O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan esa har yili  21 oktabr “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida ulkan tantana qilinmoqda.

Sana butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Amudaryo tumanida ham keng nishonlanmoqda. 83-sonli maktabda ham O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan oktabr oyi – ona tili va adabiyot fan oyligi doirasida ko‘pgina tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, “Ona tilim - iftixorim” mavzusida sinflar kesimida insholar tanlovi, she’rxonlik kechalari, “Ona tilida kim xatosiz yozadi” nomli diktantlar tanlovi o‘tkazildi.

Maktabning tajribali ona tili va adabiyot o‘qituvchilarining ochiq darslari tashkil etilib, ularda maktabning yosh pedagoglaridan tashqari o‘quvchilarning ota-onalari ham ishtirok etishib, farzandlarining o‘z ona tilini qay darajada o‘rganayotganliklariga guvoh bo‘ldilar.

19 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan “Til – millat iftixori” deb nomlangan adabiy kechada maktabning 6- va 8-sinflari o‘quvchilari ishtirok etishdi. Tadbirni ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari Gulandom Shomurodova, Muqaddas Allaberganova, Nilufar Ortiqova, Farida Eshchanovalar tashkillashtirdilar.

Dastlab mavzu yuzasidan qiziqarli ma’ruza o‘qilgach, o‘quvchilar ona tilimizni madh etuvchi she’rlar, qo‘shiqlar ijro etishdi. O‘zbek tilida ijod qilib, uning boy imkoniyatlari va jozibasini o‘z ijodi bilan ko‘rsatib bera olgan Alisher Navoiyning va boshqa alloma bobolarimizning o‘zbek tili haqidagi ibratli gaplarini, she’rlarini aytdilar. O‘zbek tilida so‘zlashish madaniyati haqida o‘quvchilar namoyish etgan sahna ko‘rinishi juda ta’sirli bo‘ldi.

Shu kuni maktab pedagogika jamoasi bilan o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda yaqin hamkorlik qilib kelayotgan Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlariga qarashli 9202-harbiy qismida tajribali o‘qituvchi Gulandom Shomurodova harbiy xizmatchilar va muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan askarlarga 21 oktabr – o‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan shu mavzuda ma’ruza o‘qidi.

Fan oyligi doirasida o‘zbek tili bayrami kuniga atab o‘tkazilgan tadbirlar ishtirokchilarda ulkan taassurotlar qoldirdi.

O.RAJABOVA.