Olmazor mahallasida tuman hokimining yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

Mamlakatimizda yosh avlod kelajagi hamisha davlat siyosatining markazida bo‘lib kelmoqda. Bugungi kunda ham yoshlar hayotida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish uchun barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar jadallik bilan olib borilmoqda. Ayniqsa, bunda yoshlarning hayotidagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etishda muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan hokim va yoshlar uchrashuvlari muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Amudaryo tumanining Olmazor mahallasi hududidagi 82-sonli maktabda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashevning yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov, tuman hokimi o‘rinbosari Mahmud Shermetov, tegishli korxona, tashkilot mas’ullari hamda mahallaning faol yoshlari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabov yoshlarning o‘qib bilim olishi, kasb-hunar egallashlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini ta’kidlab yoshlarni doimo olg‘a intilishga, qunt bilan o‘qib bilim olishga chorladi.

Shundan so‘ng, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 31 avgust kungi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati haqida batafsil tushuntish berdi.

Tuman hokimi farmonda yoshlar uchun ko‘plab kulayliklar, imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi. Jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, yosh tadbirkorlar uchun yaratilgan yengilliklar, oliy ta’lim muassasalari uchun ajratilgan qo‘shmcha qabul kvotalari xususida to‘xtalib, yoshlarni shijoat bilan olg‘a intilishga chorladi.

Uchrashuvda mahallada faoliyat yuritayotgan hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisining faoliyati samaradorligi ham taxlil qilindi. Aytish kerakki, yoshlar yetakchisi mahalladagi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar bilan birgalikda ishlashib, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda tashabbus ko‘rsatib kelmoqda.

Tashkil etilayotgan turli sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ayniqsa, “Besh tashabbus olimpiadasi”da iqidorli yoshlar aniqlanib, munosib o‘rinlarni egallashmoqda.

Uchrashuvda mahallaning hokim yordamchisi tavsiyanomasiga asosan tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlarga ajratilgan imtiyozli kreditlar, subsidiyalar xususida ma’lumot berib o‘tildi.

Shuningdek, hokim yordamchisi tomonidan mahalla infratuzilmasini yaxshilash, tadbirkorlik ob’ektlarini ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.

Uchrashuv yakunida tuman hokimi yoshlardan kelib tushgan turli mazmundagi savollarga javob berish barobarida tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan yoshlarga o‘zining maslahat va tavsiyalarini ham berib o‘tdi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.