DARYOBO‘YI MFYNING FIDOYI INSPЕKTORI

Туман янгиликлари

Inson o‘zini ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy va madaniy jihatdan to‘laqonli barkamol his etishi uchun, avvalo, o‘z kasb-koridan, qilayotgan ishidan ko‘ngli to‘q bo‘lishi kerak. Ana shunda, o‘zi sevgan kasb faoliyati bilan shug‘ullanishdan zavq oladi, el-yurt, oilasi manfaati yo‘lida safarbar etilgan umrining har bir lahzasidan ma’no-mazmunlar topib yashaydi. Mohiyatan olib qaraganda, oqar suvday oqib borayotgan inson umrining qanday o‘zanda bo‘lishi uning o‘ziga, hayot tarziga bog‘liq.

Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi Jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori Furqat O‘rozboyev xalq osoyishtaligi posboni vazifasida ishlashni orzu qilganida hali maktab o‘quvchisi edi.

Tumandagi 78-sonli umumta’lim maktabini a’lo baholarga tugatgan Furqat O‘rozboyev 2009 yilda Ajiniyoz nomidagi NDPIning tarix fakultetiga o‘qishga kirdi. U birinchi galda mamlakatimiz va dunyo tarixini puxta o‘rganish, xalq diplomatiyasining teran ildizlari, ma’naviy, madaniy qadriyatlari bo‘yicha mukammal bilimga ega bo‘lish uchun intildi. Institut ta’limidan tashqari, o‘z orzularini amalga oshirish yo‘lida qo‘shimcha adabiyotlarni topib o‘qidi, izlandi.

2013 yilda institutni muvaffaqiyatli tugatgan Furqat O‘rozboyev bir yil dovomida Qashqadaryo viloyatining Nuriston tumanidagi harbiy qismda muddatli harbiy xizmat burchini ado etdi. Ana shu harbiy xizmat davri uni vatanparvar, xalq osoyishtaligi yo‘lidagi fidoyi shaxs sifatida shakllantirdi.

Harbiy xizmatdan qaytgach, ilk ish faoliyatini To‘rtko‘l tumani IIBda qo‘riqlash bo‘limi xodimi sifatida ishlashdan boshladi. IIB tizimida ishlash xodimdan qat’iyat va matonatni talab qiladi. Bunda Furqat O‘rozboyevga muddatli harbiy xizmatni o‘tash jarayonidagi bilim va ko‘nikmalari qo‘l keldi. Vaqt bilan hisoblashmay ishlash, jamoat va davlat xavfsizligi daxlsizligini saqlash borasida o‘ziga topshirilgan hududlarda tun-u kun namunali faoliyat olib bordi.

O‘z xizmat vazifasiga ma’suliyat bilan yondashishi, atrofidagilarga nisbatan madaniyatli, samimiy munosabati tufayli qisqa fursat ichida To‘rtko‘l tumani IIB rahbariyati nazariga tushdi. U 2017-2019 yillarda To‘rtko‘l tumani IIB qo‘riqlash bo‘limi safdor xodimi, 2019-2020 yillarda kanselyariya bo‘limi boshlig‘i vazifalarida faoliyat olib bordi.

Furqat O‘rozboyev 2020 yilda o‘zi tug‘ilib o‘sgan Amudaryo tumanida o‘z xizmat vazifasini davom ettirdi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi tayanch punktlari prokfilaktika inspektori vazifasida ikki yil ish yuritgan Furqat O‘rozboyev ayni paytda Amudaryo tumani IIB jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori sifatida Daryobo‘yi mahallasidagi 357-sonli tayanch punktida faolit olib bormoqda.

Daryobo‘yi mahallasi aholi soni jihatidan ham, geografik o‘rni jihatidan ham tumandagi yirik mahallalardan biri hisoblanadi. Umumiy yer maydoni 278 kvadrat kilometrni tashkil etuvchi mahalla hududidagi 482 ta xonadonga birlashgan 708 ta oilada 2741 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududdagi 26 ta madaniy-maishiy va ijtimoiy ob’ektlar, ya’ni korxona va tashkilotlar, ta’lim, tibbiyot muassasalari, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari mavjud bo‘lib, aholining asosiy qismi mazkur yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi.

Furqat O‘rozboyevning o‘z xizmat hududi bo‘yicha amalga oshiradigan faoliyat ko‘lami keng. U yig‘in raisi, xotin-qizlar faoli hokim yordamchisi hamda yoshlar yetakchisi, mahalla faollari bilan hamkorlikda har bir xonadonga kirib borib, aholi hayotiga oid muammolarni ijobiy had etish, hududdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, obodonlashtirish ishlarini o‘rganib, aniqlangan kamchiliklarni imkon qadar tez va samarali hal etishga harakat qiladi.

Furqat O‘rozboyev ishtirokida o‘tkazilib kelinayotgan “Xavfsiz tun”, “Payhon”, “Turmush”, “Xavfsiz hudud” tadbirlari aholi osoyishtaligini ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Mazkur profilaktik tadbirlarning samarali o‘tkazilishi natijasida mahalla hududida 2022 yil davomida talonchilik, tovlamachilik, odam savdosi, avtotransportlarni olib qochish kabi jinoyatlar sodir etilmadi. 2022 yilning o‘tgan 10 oyi davomida voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlik holatlari aniqlanmadi.

Har bir ishni mahalla mas’ullari bilan hamkorlikda olib borgani uchun 2020-2022 yillar davomida Daryobo‘yi mahallasi hududida jinoyatlar sodir bo‘lmadi. Aniqlangan huquqbuzarlik holatlari esa o‘z vaqtida bartaraf etilib, zarur choralar ko‘rilgani bois, bunday holatlar ham keskin kamayib bormoqda.

Har bir ish kunini mahalla hududidagi yashash joylaridan uzoqda, mehnat muhojirligida, o‘qish yoki ish yuzasidan boshqa shahar yoki xorijiy davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolarning oilasidagi mavjud vaziyat bilan tanishish, hudud aholisining ariza va murojaatlarini joyiga chiqib o‘rganishdan boshlaydigan profilaktika inspektori, katta leytenant Furqat O‘rozboyev fuqarolar yig‘ini raisi, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi bilan hamkorlikda hudud faollari ishtirokida hisobot uchrashuvlari o‘tkazib, uchrashuvlar jarayonida mahalladagi vaziyat, zamon talablaridan kelib chiqib, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash choralari bo‘yicha maslahatlashib ish ko‘rishi tufayli, hududdagi korxona va tashkilotlarda tungi navbatchiliklar tashkil etilib kelinmoqda.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar tufayli yuqorida aytganimizdek, mahalla hududida osoyishtalik, uyushmagan yoshlar va o‘smir yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan turli ko‘ngilochar tadbirlar aholi ma’naviyatini yuksaltirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni sportga, san’at va kasb-hunar o‘rganishga, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga jalb etish imkonini bermoqda.

– Xalq tinchligi va osoyishtaligi – bizning yutug‘imiz, – deydi Furqat O‘rozboyev.

Biz esa uning xalq osoyishtaligi yo‘lidagi faoliyatida mustahkam iroda tilaymiz va kasb bayrami bilan tabriklaymiz.

Robiya YO‘LDOSHЕVA