MAKTABDA VATANPARVARLIK DARSI O‘TILDI

Туман янгиликлари

Kelajagimiz vorislarini ona Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlar qalbida mardlik, jasurlik, shijoat va matonat tuyg‘ularini kamol toptirish bugungi kundagi muhim vazifalardan biri sanaladi.

Shu sababli umumta’lim maktablarida vatanparvarlik soatlari tashkil etilib, Vatanimiz tinchligini asrash yo‘lida olib borilayotgan islohotlar va bu sa’y-harakatlardan ko‘zlangan ulug‘vor maqsadlar xususida ma’lumotlar berib boriladi.

Shu yil 6 oktabr kuni 36-sonli maktabda  tuman Qo‘riqlash bo‘limi xodimi M.Yaxshimuradov bir soatlik dars davomida o‘quvchi-yoshlarga vatanparvarlik tuyg‘usi, yurt ozodligi uchun kurashgan buyuk ajdodlarimiz jasorati, dunyoda kechayotgan turli mafkuraviy tahdidlar, ularga qarshi ma’naviy immunitetni mustahkamlashda kitobxonlikning ahamiyati kabilar to‘g‘risida so‘zladi.

Aytish joizki, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi umumiy tarbiyaning tarkibiy qismi bo‘lib, yoshlarda Vatanni fidokorona himoya qilishga tayyorlik va bunga qodirlikni shakllantirishga yo‘naltirilgan. Bugungi kunda mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan azm-u shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Yoshlar qalbida mardlik, jasurlik, shijoat va matonat tuyg‘ularini kamol toptirish maqsadida o‘tkazilgan vatanparvarlik darsi o‘quvchilarga juda manzur bo‘ldi.

E.Yusupov, tuman Qo‘riqlash bo‘limi

Texnik qo‘riqlash markazi boshlig‘i.