TIBBIY XIZMAT SIFATINI YAXSHILASH YO‘LIDA

Туман янгиликлари

Yurtimizda so‘nggi yillarda tibbiyot sohasini rivojlantirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilashga alohida ahamiyat berilmoqda. Ayniqsa, “Ona va bola sog‘lig‘iga e’tibor – jamiyatga, kelajakka e’tibor” tamoyili asosida tibbiy xizmat sifatini oshirish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu o‘rinda aytish joizki, tumanimizda ham tibbiyot sohasidagi ezgu ishlarning ko‘lami kengaymoqda. Hududlardagi tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yanada mustahkamlanib, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Amudaryo tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli yangi tug‘ruq majmuasining bunyod etilayotgani, qad rostlayotgani ham buning yaqqol ifodasidir.

Ayni paytda aholiga xizmat ko‘rsatilayotgan tuman Tibbiyot birlashmasi tug‘ruq kompleksi 95 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, shundan tug‘ruq bo‘limi 60 o‘rin, homiladorlar patologiyasi bo‘limi 35 o‘rindan iborat. Muassasada 5 ta tug‘ruq zali, 2 ta operatsiya xonasi mavjud. Har bir palata 4 o‘ringa mo‘ljallangan. Lekin amaldagi tegishli sanitariya qoida va me’yorlari talablariga asosan esa har bir palataga 2 nafardan ayol joylashtirilishi kerak. Alohida bog‘lov xonasi, muolaja xonasi, ko‘rik xonalari uchun ham joy yetishmaydi.

Tug‘ruq bo‘limi va homiladorlar patologiyasi bo‘limi alohida, moslashtirilgan binolarga joylashgan bo‘lib, bu o‘z navbatida homilador ayollarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko‘lamiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Chaqaloqlar uchun intensiv terapiya xonalari maydon jihatidan talabga javob bermaydi. Bundan tashqari, qabul bo‘limida alohida kirish-chiqish uchun qulaylik yo‘q.

O‘tgan asrning 70-yillarida qurilgan tuman Markaziy shifoxonasining tug‘ruq kompleksi binosi 2012 yilda moslashtirilib kapital ta’mirlangan bo‘lib, markazlashgan kanalizatsiya tizimi ham mavjud emas. Tuman Tibbiyot birlashmasida tug‘ruqxona kompleksi binosining eskirganligi, amaldagi sanitariya qoida va me’yorlari talablariga javob bermasligi, aholi va tug‘ruqlar sonining tabiiy ko‘payishi hisobga olinib, yangidan zamon talablariga mos tug‘ruqxona kompleksi qurilishi zarurligi bo‘yicha taklif Prezidentimizga Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida yetkazilgan edi. Bu taklif e’tiborga olinib, tegishli dasturga kiritildi.

Shundan so‘ng, Tibbiyot birlashmasida yangi – qiymati 14,4 mlrd. so‘mga teng bo‘lgan 90 o‘rinli 4 qavatli tug‘ruq kompleksi zamonaviy loyihasi tasdiqlandi va qurilish ishlari boshlab yuborildi. Hozirgi vaqtda davom etayotgan qurilish ishlari “Temir beton” MCHJ tomonidan olib borilmoqda. Ushbu ob’ekt uchun 14,4 mlrd. so‘m mablag‘ ajratib berilgani, zamonaviy ko‘rinishdagi binoni qurish ishlari boshlangani reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va ko‘lamini yanada kengaytirish masalalariga davlatimiz rahbarining alohida e’tibori natijasidir.

Yangi loyiha asosida qurilayotgan mazkur zamonaviy imoratdagi isitish va sovutish tarmoqlari ilg‘or texnologiyalar asosida takomillashtiriladi. Katta hajmda olib borilayotgan qurilish ishlari natijasida barcha shart-sharoitlar yaratilgan bino qad rostlaydi. Shu bilan birga ushbu yangi muassasa eng zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlanadi.

Onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, homiladorlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ertamiz egalarining sog‘lom tug‘ilishiga sharoit yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan bu ezgu ish tumanda tibbiy xizmat sifatini yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.

O.Xudoyberganova.