Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori o‘rinbosari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Mamlakatimiz bo‘ylab turli korxona, tashkilot rahbarlari tomonidan o‘tkazilib kelinayotgan sayyor qabullar ovoragarchiliklarning oldini olish, muammolarni imkon qadar tezkor hal etishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

26 oktabr kuni Amudaryo tumanining Amir Temur nomli ovul fuqarolar yig‘inida Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori o‘rinbosari, adliya katta maslahatchisi Yerpo‘lat Kaipbergenov ishtirokida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.

Unda tuman prokurori Aziz Ro‘zmetov, tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayev, hokim o‘rnbosari Nodirbek Kamolov, tegishli korxona, tashkilot rahbarlari, ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari mas’ullari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar hamda aholi vakillari ishtirok etdilar.

Sayyor qabulda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayev fuqarolarga tuman aholisining tomorqa yerlaridan unumli foydalanib, yuqori daromadga ega bo‘layotganligini ta’kidladi. Shuningdek, ovul va mahallalarda zamonaviy arxitektura talablariga javob beradigan maishiy xizmat va savdo nuqtalari qurilayotganligini ta’kidlab, mahallalarning infratuzilmasi, kelajakdagi qiyofasi borasida amalga oshirilishi belgilangan vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berarib o‘tdi.

Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori o‘rinbosari, katta adliya maslahatchisi Yerpo‘lat Kaipbergenov sayyor qabul davomida kelib tushgan hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmasligini, imkon qadar ijobiy hal qilinishini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2022 yil 31 avgust kuni imzolangan “Qoraqalpog‘iston Recpublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati haqida batafsil tushuntirishlar berdi.

Sayyor qabulda fuqarolardan turli mazmundagi murojaatlar kelib tushdi.

Jumladan, fuqaro Fayzulla Bobojanov to‘yxona va mini futbol maydonchasi qurish uchun yer maydoni ajratilishi bo‘yicha, fuqaro Erkin Sobirov oqova suv muammosi bo‘icha, Ravshanbek Bobojanov hamda Norgul Mamutovalar tabiiy gaz bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha murojaat qildilar.

Kelib tushgan barcha murojaat tegishli tartibda qayd qilinib, tegishli korxona, tashkilot rahbarlariga yo‘naltirildi va muddatlar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Sayyor qabulda fuqaro Zafar Yo‘ldashevning imtiyozli kredit olish masalasida qilgan murojaati bo‘yicha uning yashash sharoiti o‘rganib chiqildi hamda mahallaning hokim yordamchisiga 5 ish kuni ichida ushbu fuqaroga imtiyozli kredit ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, fuqaro Fazilat Norimova farzandi oliy ta’lim mussasasida to‘lov-kontark asosida ta’lim olayotganligi, ammo kontrakt to‘lovini to‘lashga oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmayotganini aytib murojaat qildi. Ushbu fuqaroning ham yashash sharoiti o‘rganib chiqilib, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Sardor Ismoilovga tez fursatda kontrakt to‘lovi bo‘yicha talabaning ro‘yxatga olinishi va yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, bugun har bir fuqaro uchun barcha davlat organlari va tashkilotlarining eshiklari ochiq. Davlat idoralari rahbarlari fuqarolarning murojaatlarini ish xonalarida emas, balki joyiga borib, haqiqiy holatni ko‘rgan va o‘rgangan holda ko‘rib chiqmoqdalar.

Aytish kerakki, sayyor qabullar aholi muammolarini joyida, tez va samarali hal etish imkonini berayotgani, hududlarda yig‘ilib qolgan muammolarni aniqlash va bartaraf etilishida davlat organlari va tashkilotlari oldiga vazifalar qo‘yayotgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.