“Ayollar daftari”da turuvchi ayollar uchun “Oilaviy munosabatlarni mustahkamlash” mavzusida psixologik trening o‘tkazildi

Туман янгиликлари

Xotin-qizlarning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy mavqeini oshirish, bandligini ta’minlash, yashash sharoitini yaxshilash, bir so‘z bilan aytganda ularga munosib turmush sharoitini yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadlaridan bir hisoblanadi.

Shu maqsadda ijtimoiy himoyaga muhtoj, bandligi ta’minlanmagan, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan, boquvchisi vafot etgan yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, uy-joyga muhtoj, nogironligi bor yoki qaramog‘ida nogiron farzandlari bo‘lgan ayollarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish maqsadida “Ayollar daftari” joriy qilindi. Shuningdek, mazkur daftarga ruhiy tushkunlikka tushib qolgan, psixologik yordamga muhtoj ayollar ham kiritilib, ular bilan muntazam ravishda psixologik treninglar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. Maqsad − ayollarning stressdan ozod bo‘lishiga, sog‘lom hayot tarziga qaytishlarida yordam berishdan iboratdir.

25 oktabr kuni Amudaryo tumanining To‘lqin ovul fuqarolar yig‘inida “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar bilan navbatdagi trening mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulotni 33-sonli umumta’lim maktabi psixologi Manzura Saparbayeva olib bordi.

Trening “Ayollar daftari”dagi ayollarning “Oilaviy munosabatlarni mustahkamlash” mavzusida bo‘lib, ishtirokchilar 3 ta shart asosida o‘z dunyoqarashlarini, oila a’zolari bilan yo‘lga qo‘ygan munosabatlarini tahlil qildilar.

Birinchi shart − “Minnatdorchilik daraxti” sharti bo‘lib, unda ishtirokchilar o‘zlarini o‘zlari sevgan mevali daraxtga qiyosladilar.

Kimdir o‘zini anor mevasi singari bo‘lishni xohlashini, sababi anor sabr bilan meva tugib, pishib yetilgan sayin shirin va go‘zal bo‘lishi, shuningdek, bag‘riga son-sanoqsiz donalarni jamlaganini aytib, oilaviy munosabatlarda ham sabrli va bag‘rikeng bo‘lish lozimligini aytib o‘tdi.

Yana kimdir olma kabi bo‘lishni istashini, sababi olmani barcha sevib iste’mol qilishi, u yoz va kuz faslida son-sanoqsiz mevalar tugib barchaning dasturxonidan o‘rin olishini ta’kidladi. Psixologik trening davomida ba’zi ayollar o‘zini uzumga, tut daraxtiga o‘xshatib, uning foydali xususiyatlarini aytib o‘tishdi.

Ikkinchi shart − “Ayol kishining oiladagi o‘rni” mavzusi atrofida bo‘lib, ayol kishi oilada, jamiyatda qanday muomala madaniyatiga ega bo‘lishi lozimligi haqida suhbat qurildi. Tarqatma materiallar orqali ularning fikrlari o‘rganildi.

Yakuniy shart − “Kechiring va ozod bo‘ling” deb nomlandi. Ushbu shartda ayollar oilada kelib chiqqan har xil nizoli vaziyatlarda o‘zini tutish, bosiqlik bilan muammoni hal qilish bo‘yicha ko‘nikmaga ega bo‘lishdi.

Har bir ishtirokchi pufakchalarni shishirib osmonga uchirib yubordi. Bu bilan ular jahl chiqqan paytda o‘zini tutishni, ko‘ngilda gina saqlamaslik, kechirimli bo‘lish, bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz voqealarni unutish va bu singari holatlarga boshqa yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.

Psixologik treningda har bir ishtirokchi faol qatnashib, psixolog tomonidan berilgan tavsiyalar asosida oiladagi rafiqalik, kelinlik, onalik vazifalarini chuqur anglab yetdilar. Shu bilan birga oiladagi sog‘lom muhitni yanada mustahkamlash bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lishdi.

Jamiyatning bosh bo‘g‘ini bo‘lmish oilalar mustahkamligi Vatanimiz farovonligida va gullab-yashnashida muhim ahamiyat kasb etadi. Sababi, oila tinch bo‘lsa yurt ham tinch va osuda bo‘ladi.

Oilaviy kelishmovchiliklar va ajrimlarning oldini olishda mahallalarda yangidan ish boshlagan xotin-qizlar faollari ham samarali tarzda faoliyat yuritishmoqda.

Shuningdek, ayollarning bandligi ta’minlash, ularning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha ham xotin-qizlar faollari tashabbusi bilan ko‘plab ijobiy ishlar qilinmoqda.

To‘lqin ovulining xotin-qizlar faoli Gavhar Babatayeva ham hokim yordamchisi bilan hamkorlikda mahallasida istiqomat qiluvchi 4 ming 7 nafar ayol-qizning har biri bilan muloqot qilib, ularning muammolariga yechim topishga intilmoqda.

Shu kunga qadar “Ayollar daftari”da turuvchi 142 nafar ayol-qizga turli yordamlar ko‘rsatildi. Daftardagi 25 nafar ayol tikuvchilik bo‘yicha sertifikat olib, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydilar.

Ayollar uchun tabdirkorlikning turli yo‘nalishi bo‘yicha berilayotgan yengilliklar, imtiyozlar ularni yanada ruhlantirib, yangidan yangi marralar sari chorlamoqda. Ayniqsa, tumandagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy yordamlar tufayli ularning yashash sharoiti yaxshilanib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishmoqda.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.