Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga rioya qilishlarini ta’minlash maqsadida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

Туман янгиликлари

28 oktabr kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayev, tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i Mansur Sadikov, tuman Adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi Bobur Qadamov, tuman hokimligi va tegishli tashkilot xodimlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda davlat xizmatchilarining kasbiy madaniyati, xizmat faoliyati va xizmatdan tashqari vaqtda odob-axloqi, tashqi ko‘rinishi va kiyinish uslubining namunaviy qoidalari haqida so‘z yurtilidi.
Shuningdek, odob-axloq qoidalariga rioya qilish orqali davlat xizmatida yuksak kasbiy madaniyatni shakillantirishga, jamoatchilik ongida davlat xizmatiga bo‘lgan hurmat va ishonchning oshirilishiga alohida urg‘u berib o‘tildi.
 Yig‘ilishda hokimlik hodimlari o‘z kasbiy faoliyatini qonuniylik, Vatanga sadoqat va xizmat vazifasiga fidoiylik, yuklangan funksional vazifalarni to‘liq bajarish, ijro intizomiga qat’iy rioya qilish, adolatlilik va xolislik prinsplari asosida olib borishlari lozimligi ta’kidlandi.
Undan tashqari, davlat xizmatchilari o‘zlarining xatti-harakati va axloqi tufayli jamoatchilikning tanqidiga uchramaslik choralarini ko‘rishi, tanqid uchun ta’qibga yo‘l qo‘ymasligi, asosli va konstruktiv tanqiddan o‘z faoliyatidagi kamchiliklar hamda nuqsonlarni bartaraf etish yo‘lida foydalanishi lozimligi aytib o‘tildi.
Shundan so‘ng, tuman Adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi Bobur Qadamov davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etmaganlik holati ularga nisbatan axloqiy va intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘lishini,odob-axloq komissiyasi davlat xizmatchisiga nisbatan intizomiy ta’sir chorasini qo‘llash uchun davlat organlari va tashkilotlari rahbariga taqdimnoma kiritishi mumkinligini eslatib o‘tdi.
 Shu bilan birga odob-axloq komissiyasining vazifalari, komissiya tarkibi, ularga yuklatilgan vazifalar hususida to‘xtalib o‘tdi.
 Qayd etilganidek, davlat korxona va tashkilotlarida tuzilgan odob-axloq komissiyasi a’zolari qarorlar tayyorlash muhokamasida, qabul qilinishida shuningdek, ularning amalga oshirilishini tashkil etishda va bajarilishini nazorat qilishda ishtirok etadi.
Komissiya tomonidan komissiyada oldin ko‘rib chiqilgan murojaat va aynan shu mazmundagi takror murojaatlar, anonim murojaatlar, qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq bo‘lmagan murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.
 Yig‘ilish yakunida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayev tuman hokimligining odob-axloq komissiyasining 7 nafar a’zosidan iborat shaxsiy tarkibi bilan barchani tanishtirib o‘tdi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya qilishlari ularning kasbiy madaniyati yuksakligidan va o‘z xizmat vazifasiga sadoqatliligidan dalolat beradi.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.