Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 53-sessiyasi to‘g‘risida axborot

Туман янгиликлари

2022 yil 28 oktabr kuni Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 53-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiya ishida tuman Kengashi deputatlari, sektorlar rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, hokimlik mas’ul xodimlari, huquq-tartibot organlari, bo‘limlar, jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kotibligiga 23-Bobur saylov okrugidan deputat Shavkat Yangiboyev saylandi.

Sessiyada dastlab, fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudi tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi Qayrulla Atamuratovning axboroti tinglandi.

Axborotda qayd etilganidek, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali ximoya qilish, ishlarni qonunda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish va aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini olib borish bo‘yicha ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, ko‘rib chiqilgan ishlarning 1592tasi bo‘yicha hal qiluv qarorlari chiqarilgan bo‘lib, shundan 1505ta da’vo arizalari qanoatlantirilgan va 87ta ish bo‘yicha da’vo arizalar rad etilgan. 521ta ish bo‘yicha ajrimlar chiqarilgan bo‘lib, 27 ta ish yuritishdan tugatilgan.

Shuningdek, sudning ish rejasi bo‘yicha va ish rejadan tashqari Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tumani sudi tomonidan jami
20 marotaba aholi o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazilib, murojaatlari tinglangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudi raisi Jasur O‘razboyevning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha 9 oylik faoliyati yuzasidan axboroti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, fuqarolarga qulaylik yaratish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish maqsadida tumanning eng chekka hududlarida sayyor qabullar o‘tkazilgan. Joriy yilning 9 oyi davomida Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga 61 nafar fuqaro qabul qilingan bo‘lsa, shundan 39 nafar fuqaro sayyor qabullarda murojaat qilgan.

Sessiya ishida Amudaryo tuman Xalq qabulxonasi, sektorlar va hududdagi tashkilot rahbarlarining aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlash holati yuzasidan tuman Xalq qabulxonasi bo‘limi mudiri Erkin Rajabovning axboroti tinglandi.

Axborotda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga 2022 yil 30 sentyabr sanasiga qadar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 1970ta masala bo‘yicha murojaatlar ro‘yxatga olingan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 31,6 foizi ijobiy hal qilingan bo‘lib, 929 tasi huquqiy ma’lumot berish orqali hal qilingan, 16 tasi uzoq muddatli nazoratga olingan bo‘lib, 350 tasiga tushuntirish berilgan. Qolgan 46 ta murojaat ko‘rib chiqish jarayonida.

Shuningdek, sektor rahbarlari tomonidan hal qilingan murojaatlar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da ruyxatda turuvchi fuqarolarga ko‘rsatilgan yordam turlari, sektor rahbarlari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda kelib tushgan murojaatlarning hal etilishi bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Sessiya ishida 2022 yil 9 oyi davomida tumanda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoiy holatlar yuzasidan tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sharapat Joldasbayevning hisoboti tinglandi.

Aytish kerakki, haftaning har payshanba kuni “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” sifatida belgilanib, aholi orasida targ‘ibot tadbirlari, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, “Havfsiz tun” tadbirlarida yo‘l transport hodisalarining oldini olishga, yoshlar o‘rtasida jamoat tartibini saqlashga alohida e’tibor berilmoqda.

Sessiya kun tartibida tumanda “Tashabbusli budjet” jarayonining 3-choragida g‘olib bo‘lgan takliflar ijrosi bo‘yicha tuman Moliya bo‘limi mudiri Ulug‘bek Bekniyazovning hisoboti tinglandi.

Moliya vazirligi tomonidan ochilgan “Ochiq budjet” portaliga 2022 yilning 22 iyulidan 9 avgustiga qadar bo‘lgan davrda tuman fuqarolari tomonidan jami 451 ta taklif kiritilgan bo‘lib, shundan 5 ta taklif g‘olib deb topildi. G‘olib bo‘lgan takliflar uchun manzilli ro‘yxat tuzilib, tegishli buyurtmachi tashkilotlarga mablag‘lar o‘tkazib berilgan va hozirgi kunda ushbu loyihalarni amalga oshirish ishlari davom etmoqda.

Sessiya ishida 2022 yilning 9 oyi davomida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturiga muvofiq amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Salayevning hisoboti tinglandi.

Qayd etilishicha, xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturi bo‘yicha yillik rejada 540 ta loyihalar amalga oshirilishi va ularda 4400 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 9 oy mobaynida 553 ta loyiha ishga tushirildi hamda 841 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Dastur bo‘yicha 3-chorakda ishga tushirilishi belgilangan rejaga nisbatan 385 ta loyihalar ortig‘i bilan ishga tushirilib, 400 taga ko‘p yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Sessiya kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan Amudaryo tumani hokimligining Bolalarni himoya qilish sho‘’basi rahbari Jahongir Xolmurdov axborot berdi.

Axborotda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik sodir etilishining oldini olish, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Sessiya ishida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Faxriddin Abdullayevning hisoboti tinglandi. Hisobotda tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan joriy yilda bir qator yangi qurilish, mukammal tamirlash ishlari boshlab yuborilgani aytib o‘tildi.

Jumladan, 90 o‘rinli yangi tug‘ruq bo‘limi binosini qurish uchun 14,3 mlrd. so‘m hamda Qangli oilaviy shifokorlik punkti binosini ta’mirlash uchun 590 mln. so‘m mablag‘ ajratilgan va qurilish ishlari davom etmoqda.

Sessiyada tuman hokimi – xalq deputatlari tuman Kengashi raisi Sultonboy Yo‘ldoshev tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlardan ishtirokchilarni xabardor qildi.

Sessiya ishida Kengash vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilinib, ular yuzasidan ham tegishli qarorlar qabul qilindi.

Shuning bilan sessiya o‘z ishini yakunladi.

Tuman hokimligining axborot xizmati.