JINOYATCHILIKNING OLDINI OLISH MASALALARI MUHOKAMA ETILDI

Туман янгиликлари

Amudaryo tumanida jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va galdagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Shu yil 30 oktabr kuni tuman hokimligi binosida bo‘lib o‘tgan mazkur yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rajabov, tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, tuman prokurori, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va mas’ullari ishtirok etishdi. Shuningdek, hokim o‘rinbosarlari, sektorlar, tegishli davlat organlari va tashkilotlar rahbarlari, fuqarolar yig‘inlari raislari ham qatnashishdi.

Yig‘ilishda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash, bu borada tumandagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va jamoat tashkilotlarining hamkorligi, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga doir masalalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, joriy yilning 9 oyi davomida tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan hududda tinchlikni saqlash, ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlash, sodir etilgan jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning, shuningdek, har qanday favqulodda hodisalar sodir etilishining oldini olish borasida jamoatchilik vakillari va boshqa mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda bir qator tezkor-profilaktik tadbirlar amalga oshirilgan. Ammo olib borilgan tezkor profilaktik tadbirlarga qaramasdan Amudaryo tumani hududida joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida jami jinoyatlar soni 22,5 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 38,9 foizga, iqtisodiy sohadagi jinoyatlar 3,1 foizga oshgan. Boshqa sohadagi jinoyatlar esa 10,7 foizga kamayishiga erishilgan.

Bundan tashqari, tumandagi 37 ta ovul va mahallalarda voyaga yetmaganlar, guruhlar, muqaddam sudlanganlar, xotin-qizlar, ishsizlar va yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 52 tani tashkil qilgan. Shunga ko‘ra, tuman hududidagi 49 ta mahallalarning 22 tasi “qizil”, 7 tasi “sariq” toifalarga ajratilgan. 20 ta ovul yoki mahallada esa umuman jinoyat sodir qilinmagani bois “yashil” toifaga kiritilgan.

Yig‘ilishda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda kuzatilayotgan ayrim kamchiliklar sohadagi islohotlarga soya solayotgani e’tirof etildi. Shu sababli huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish, jinoyatlarning oldini olish, jinoyatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga olish, tezkor qidiruv va tergovdagi tizimli kamchiliklar tanqidiy muhokama etildi.

Jinoyat va huquqbuzarliklar aksariyat hollarda oila va oddiy maishiy munosabatlar zamirida kelib chiqqani, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasidagi nizolar to‘liq bartaraf etilmayotgani, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasidagi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Ilgari sudlangan shaxslar tomonidan va mast holda jinoyat sodir etilishining oldini olishga qaratilgan tadbirlar ta’sirchanligini oshirish kerakligi tilga olindi.

Yig‘ilish davomida fuqarolar yig‘inlari hamda profilaktika inspektorlari faoliyatini samarali tashkil etish bilan bog‘liq tadbirlar ko‘rib chiqildi. Yoshlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishda tuman hokimligi, Xalq ta’limi, Ichki ishlar bo‘limi, Yoshlar agentligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, jinoyatni hisobga qo‘yish, tezkor qidiruv va tergovdagi kamchiliklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ayrim xodimlari tomonidan inson huquqlarini poymol etish holatlariga chek qo‘yish borasida mas’ullar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi.

Yig‘ilish yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar e’tiborga olingan holda aholi tinchligini ta’minlashdagi nuqsonlarni o‘z vaqtida bartaraf etish, davlatimiz rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldiga qo‘ygan vazifalarni bajarish bo‘yicha aniq tadbirlar belgilab olindi.

O.Xudoyberganova.