Tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimlari “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etishmoqda

Туман янгиликлари

Bugun yurtimizda keng tus olgan “Yashil makon” umummilliy harakatining ma’no-mazmuni, maqsadi yurtimizda yashillikni kengaytirish barobarida tabiatni asrash, ekologiya musaffoligini saqlashga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Joriy yilning 11 oktabr kuni davlatimiz rahbari raisligida “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan edi. Unda 20 oktabrdan 1 dekabrga qadar daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi. Ushbu loyiha doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish orqali shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish reja qilingan.

Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan ushbu xayrli tadbirlarda barcha yurtdoshlarimiz faol ishtirok etishmoqda. Amudaryo tumani Ichki ishlar bo‘limi ham bu jarayonda soha vakillarining munosib hissasini ta’minlash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.

Ushbu tadbirda Ichki ishlar organlarining rahbar xodimlari, shaxsiy tarkibi, yo‘l-patrul xizmati xodimlari faol ishtirok etishdi. Tuman Ichki ishlar bo‘limi binosi atrofidagi maydonga turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, atrof obodonlashtirildi.

Xalqimizda bog‘ yaratish, ekilgan nihollarni parvarishlab, atrof-muhitni ozoda saqlash ota-bobolarimizdan qolgan azaliy qadriyatdir. Bugungi kunda mana shunday ezgu an’ana davom etayotganiga barchamiz guvoh bo‘lib, uning bevosita ishtirokchisiga aylanmoqdamiz.

Butun mamlakatimizda bo‘lgani singari Amudaryo tumanida ham uyushqoqlik bilan davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida nafaqat ekilayotgan ko‘chatlar soni, balki ularning turi va sifatiga ham alohida e’tibor berilmoqda.

Xususan, daraxt va o‘simliklar gullaganida allergiyaga moyil ayrim kishilarning aziyat chekmasligini uchun shamol orqali changlanuvi o‘simliklar deyarli ekilmay, tumanning infratuzilmasi, iqlimi va tuproq sharoiti, shaharsozlik me’yorlariga va avtomobil qatnovi ko‘chalari uchun mos keladigan ko‘chatlar ekilmoqda.

Keyingi paytlarda O‘zbekistonda kuzatilgan chang bo‘ronlari va noodatiy ob-havo iqlim o‘zgarishining nishonalaridir. Bu esa daraxt ekish va yashil hududlar maydonini ko‘paytirishning naqadar dolzarbligini, bu xayrli ishga katta mas’uliyat va alohida e’tibor bilan yondashish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Aytish kerakki, yashil o‘rmonlar, daraxtzorlar tashkil etilishi Orolning qurishi oqibatida mintaqamizda yuzaga kelgan og‘ir ekologik muammolarni yumshatishda, atrof-muhit musaffoligini saqlashda ham muhim o‘rin tutadi.

Darhaqiqat, tabiatda yashil hududlar kengaysa, yashil qalqonlar shakllantirilsa, bundan faqat foyda ko‘ramiz, rohatlanamiz, bashariyat kelajagi mustahkamlanadi. Demakki, yurtimizda keng quloch yoygan “Yashil makon” umummilliy loyihasi nafaqat bugunimizga, balki, yaqin va uzoq kelajagimizga daxldor hayotiy harakatdir.

Shunday ekan, barcha yurtdoshlarimizni daraxt ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” tadbirlarida faol ishtirok etib, yashil maydonlar ko‘lamini kengaytirish ishlariga o‘z hissalarini qo‘shishga chaqirib qolamiz.

Tuman hokimligining Axborot xizmati.