ICHKI KASALLIKLARGA IXTISOSLASHGAN YANGI “MAFTUNA MED” KLINIKASINING OCHILISH MAROSIMI BO‘LDI

Туман янгиликлари

Amudaryoda “MAFTUNA MED MANGIT” MCHJga qarashli ichki kasalliklarga ixtisoslashgan xususiy klinika yangidan faoliyat boshladi.

23 noyabr kuni Navoiy nomli mahallada joylashgan ushbu klinikaning ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda tuman hokimi o‘rinbosarlari Rashid Salayev, Mahmud Shermetov, 4-sektor rahbari, tuman Davlat Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Aydos Seitov, “MAFTUNA MED MANGIT” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ulug‘bek Abdurahmonov, tuman “Nuroniylar” jamoatchilik Kengashi raisi o‘rinbosari Bekman Allaberganov, klinika rahbari, oliy toifali shifokor Zulxumor Gaipova va boshqa tibbiyot xodimlari, fuqarolar yig‘ini raisi, mas’ullari va faollar ishtirok etishdi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar dastlab tibbiyot tizimiga so‘nggi yillarda qaratilayotgan alohida e’tibor, bu borada muhim asos bo‘layotgan Prezident va hukumat qarorlari, amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar xususida gapirdilar.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda sog‘liqni saqlashda xususiy sektorni rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirildi. Xususiy tibbiyot binolari uchun tadbirkorlarga yerlar berilib, ular uchun kredit mablag‘lari ajratilmoqda. Hozirgi kunda eng chekka qishloqlarda ham xususiy klinikalar tashkil etilib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yanada yaxshilanmoqda. Birgina Amudaryo tumanda 15 taga yaqin xususiy klinikalar va diagnostika markazlari faoliyat qo‘rsatmoqda. Ularning 11 tasi Mang‘it shahri markazida, 4 tasi esa qishloq joylarida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Albatta, bu o‘z navbatida chekka hududlar aholisiga ham sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini bermoqda.

“MAFTUNA MED” xususiy klinikasining tashkil etilishiga 225 mln. so‘m bank krediti va 100 mln. so‘m tadbirkorning o‘z mablag‘i, jami 325 mln. so‘m mablag‘ sarflandi. Klinikada yangidan 4 ta ish o‘rni ochildi. Shuningdek, bu yerda kasallarning statsionar tarzda davolanishlar uchun 15 ta joy mavjud. Bu yerga bemorlarga tashxis qo‘yish va davolash uchun malakali shifokor va tibbiyot xodimlari jalb etilgan bo‘lib, eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Sog‘ligidan shikoyat qilib kelgan bemorlar malakali shifokordan to‘liq muolajalar olib, davolanish, o‘z salomatligini qayta tiklash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Klinikada aholiga terapiya-statsionar, diagnostika, tibbiy maslahat va konservativ davolash kabi xizmatlar ko‘rsatiladi. Shuningdek, zamonaviy ultratovush tashxisi, exo-kardiogramma, EKG uskunalari yordamida tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi va bemorlarga aniq tashxislar qo‘yiladi. Undan tashqari, malakali tibbiyot xodimlari tomonidan muolajalar, davo choralari qo‘llanilib, sog‘lom hayotga qaytishlariga ko‘mak beriladi.

Yangi klinikaning ochilish marosimiga kelgan mehmonlar zamonaviy binoda yaratilgan shart-sharoitlar, o‘rnatilgan tibbiy jihozlar bilan tanishtirildi. Mehmonlar tibbiyot maskanida tashxis qo‘yiladigan, tibbiy muolajalar olib boriladigan xonalar, kutish zallarida boshqa yuqumli kasalliklarning oldini olish choralari ko‘rilgani, sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlanganini mamnuniyat bilan e’tirof etdilar.

Xususiy klinika ma’muriyati va xodimlari tuman aholisiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatining yanada yaxshilanishiga o‘z hissalarini qo‘shishni maqsad qilganlar.

Ozoda Xudoyberganova.