JUMUR OVUL MAHALLASIDA NURONIYLAR UCHUN TADBIRLAR O‘TKAZILDI

Туман янгиликлари

Yurtimizda keyingi yillarda keksalarni davlat tomonidan qo‘llab- quvvatlashni kuchaytirish, ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini yaxshilash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Amudaryo tumanida “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida tashkil qilinayotgan mamlakatimizning diqqatga sazovor, tarixiy makonlariga uyushtirilayotgan sayohatlar, nuroniylarning yoshlar bilan uchrashuvlari shular jumlasidandir.

Tumanning Jumur ovul mahallasida 748 xonadon, 1204 oilada 4255 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 402 nafari keksalar va nuroniylardir.

24 noyabr kuni mahallada keksalar va nuroniylar ishtirokida “Salomatlik uchun 5000 qadam” tadbiri o‘tkazildi. Tadbir davomida keksalar va nuroniylar butun mahalla ahliga piyoda yurish salomatlik garovi ekanligini targ‘ib qilish maqsadida piyoda yurdilar. Ular piyoda yurish mobaynida o‘zaro gurunglashib, bir- birlarining hol-ahvolidan xabardor bo‘ldilar, davlatimizning keksalarni e’zozlash borasidagi ishlaridan minnatdorligini bildirdilar.

Shuni aytish kerakki, 2022 yil noyabr oyidagi “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida mahallaning keksalari va nuroniylaridan 126 nafari Qoraqalpog‘iston xududidagi turli ziyoratgohlarga va muzeylarga, tarixiy obidalarga hamda Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarga sayohatlarga olib borildi.

Shuningdek uyida yotgan kasalmand va nogiron keksalarning holidan xabar olinib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, reabalitatsiya mahsulotlariga muhtoj bo‘lgan ikki nafar ayolga eshitish moslamasi va hassa berildi, 3 nafar yakka yolg‘iz yashovchilar holidan xabar olinib, uylarida obodonlashtirish ishlarida yordam berib kelinmoqda.

Mahallada keksalar va nuroniylar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi”, “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda nuroniylarning o‘rni”, “Ehtirom, e’zoz, e’tibor” tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.

Shu kuni mahalla nuroniylari “Yashil makon” umummilliy loyihasiga doirasida hududga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekish ishlarida ham ishtirok etdilar. Shundan so‘ng keksalar va nuroniylar o‘rtasida sportning shaxmat, shashka, stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Mahallaning iqtidorli yoshlari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi keksalar va nuroniylarga juda manzur bo‘ldi.

Tadbirlarda tuman Maxalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Boltabayev va Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi o‘rinbosari Bekman Allamberganovlar qatnashib, tumanimizda keksalar va nuroniylarga bo‘layotgan ehtirom, e’zoz, e’tibor to‘g‘risida gapirib o‘tdi hamda tadbirda ishtirok qilayotgan eng keksa nuroniy otaxon va onaxonlarga, mahalladagi jamoatchilik tadbirlarida faol bo‘lgan fuqarolarga sovg‘alar topshirishdi.

Jumurovul mahallasida o‘tkazilgan tadbirlar hudud keksalari ko‘nglini ko‘tardi, ularga o‘chmas taassurotlar hadya etdi.

Sevara Ismoilova.